O‘zbekiston Prezidenti gaz taʼminotidagi uzilishlarni bartaraf etish va oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirishni talab qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda islohotlar amalga oshirilishi kechikayotgani va bu holat hukumat hamda vazirliklar rahbarlari tomonidan ijro intizomi ustidan yetarli nazorat yo‘qligi bilan bog‘liq ekanini taʼkidladi.
Davlat rahbari suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi muammolarga alohida eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz yetkazib berishda 60–70 kungacha kechikishlar kuzatilmoqda. Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida aholi murojaatlarining taxminan 70 foizi aynan gaz masalasiga tegishli.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”, - dedi Prezidentimiz.
Yana bir masala – yozning boshlanishi nisbatan salqin keldi. Lekin buyog‘iga kunlar ancha isib, elektr isteʼmoli oshadi. Ikki oy oldin Energiya samaradorlik agentligi tashkil qilinib, byudjetdan 100 milliard so‘m berildi.
Energetika vazirligi va agentlikka vazirlik, hokimlik va davlat korxonalarining oylik isteʼmoli 500 kilovatt soatdan yuqori bo‘lgan xodimlari ro‘yxatini shakllantiradi. Ushbu xodimlarga energiya samarador texnologiyalarga o‘tish uchun “yashil taʼmir” krediti yoki subsidiya olishga ko‘maklashiladi. Kerak bo‘lsa, byudjetdan tashqari jamg‘armasidan ssuda berilishi mumkin.
Buning hisobidan yil yakunigacha isteʼmoli yuqori bo‘lgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimga o‘tishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi
Yana bir muhim masala — sud qarorlarining ijrosi bo‘ldi. 2023 yil yakuniga ko‘ra, Majburiy ijro byurosiga yuborilgan sud qarorlarining har beshinchisini bajarish taʼminlanmagani qayd etildi.
Prezident yig‘ilishda oziq-ovqat narxlari, jumladan go‘sht, sut mahsulotlari, tovuq go‘shti va tuxum narxlariga ham to‘xtalib o‘tdi. U o‘tgan hafta joriy etilgan QQSning 50 foizini keshbek tarzida qaytarish mexanizmini esga soldi. Bu mexanizm narxlarni barqarorlashtirish va soha faoliyatini “soyadan” chiqarishga qaratilgan.
«Keshbek to‘lovlari o‘z vaqtida, hech qanday kechikishlarsiz amalga oshirilishi shart. Hokimlarga ogohlantirish: yangi mexanizm orqali asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqaror bo‘lishi kerak. Bu vazifani bajara olmaganlar lavozimidan ozod etiladi», — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.