O‘zbekiston Prezidenti Belgiyaliklar Qiroli bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bryussel shahriga rasmiy tashrif doirasida Laken saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Qirol Filipp O‘zbekiston yetakchisining YI rahbariyati bilan muzokaralarining yakunlarini yuksak baholab, mamlakatimiz yetakchisini Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolangani bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston – Belgiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Vazirlar darajasida faol muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan.
Madaniy-gumanitar hamkorlik mustahkamlanmoqda. Toshkent va Kortreyk, Samarqand va Lyej shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi. Kortreykda buyuk alloma bobomiz Abu Ali ibn Sinoning byusti ochildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Belgiya kompaniyalari O‘zbekistonda, xususan, to‘qimachilik, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O‘tgan yili Toshkentda Benilyuks mamlakatlarining savdo palatasi ochildi.
Suhbat chog‘ida Belgiya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, shuningdek, madaniy tadbirlarni o‘zaro o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Qirol Filippni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
#Shavkat Mirziyoyev