O‘zbekiston Prezidenti AQSH bilan parlamentlararo muloqotni kengaytirish muhimligini ta’kidladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi a’zosi, Vakillar palatasidagi "O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus" raisi Trent Kelli va Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Bobbi Jinni qabul qildi.
O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, shu jumladan parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurmoqda. "O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus" faol ishlamoqda, uning tarkibi kengaymoqda. Kongressda har yili ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.
AQSHning Missisipi shtati bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarga yuksak baho berildi.
O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda Kongressning qo‘llab-quvvatlovi muhim ekani ta’kidlandi.
Suhbat yakunida yaqinda Kongress delegatsiyasi va Missisipi shtati ishbilarmonlarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
#Shavkat Mirziyoyev