O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Tojikistonda bo‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 9-10-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Dushanbe shahrida o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Rossiya" formatidagi ikkinchi sammit va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va infratuzilma sohalarida kooperatsiya qilish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb jihatlarini ham muhokama qiladilar.
Sammitlar yakunida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
#Shavkat Mirziyoyev