O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari YTTB prezidenti bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Saida Mirziyoyeva taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan ochiqlik siyosati va keng qamrovli islohotlar tufayli O‘zbekiston va YTTB o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuvda Bank ko‘magida amalga oshirilayotgan suv xo‘jaligi va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishidagi qo‘shma infratuzilma loyihalariga alohida eʼtibor qaratildi.
"Biz mamlakatimizdagi ko‘plab xotin-qizlar va yoshlarning hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirayotgan “Women in Business” va ”Youth in Business” dasturlari qo‘llab-quvvatlanayotgani, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda hududning barqaror rivojlanishiga qaratilgan loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni yuksak qadrlaymiz", — dedi Saida Mirziyoyeva.
Tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli mintaqada ishonch va hamkorlik muhiti mustahkamlanayotganini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida Saida Mirziyoyeva YTTB bilan sheriklik O‘zbekistonning ravnaqi hamda butun mintaqada barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.