O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Nazorat inspeksiyasini tugatish to‘g‘risida farmon berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yil 14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Administratsiya huzuridagi Nazorat inspeksiyasini darhol tugatish haqida eʼlon qildi va uning faoliyatini qattiq tanqid qildi.
Davlat rahbari taʼkidlashicha, keng vakolatlarga ega bo‘lgan ushbu tuzilma o‘z vazifalarini yetarli darajada bajara olmadi.
"Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?", - dedi davlatimiz rahbari.
Faoliyatidagi kamchilik va muammolarni hisobga olib, Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasini bugunning o‘zida tugatishga qaror qilindi.
Shu bois ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi belgilandi.
Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi masʼul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi.
Endilikda Hisob palatasi qarorlar bilan berilgan mablag‘larni faqatgina to‘g‘ri sarflanishini emas, balki nima samara berganini, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lganini ham o‘rganadi.
Palata raisi har bir qaror ijrosi natijadorligini tahlil qilib, zaif nuqtalar, “aravasini tortmayotgan” rahbarlar va ishlamayotgan tizimlar bo‘yicha o‘z taklifini har oyda Prezidentga kiritadi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Nazorat inspeksiyasi 1990-yillar oxirida tashkil etilgan bo‘lib, Prezident farmon va qarorlari, topshiriqlar ijrosini respublika va mahalliy darajadagi organlar, korxona va muassasalarda nazorat qilgan.
Prezident Mirziyoyev yig‘ilishda vazirlar va hokimlar faollik bilan ish olib borishi lozimligini alohida taʼkidladi:
«Rahbarlarning asosiy vazifasi — odamlar va biznesning muammolarini jadal hal etish bo‘lishi kerak», — dedi davlat rahbari.