“O‘zbekiston”: Prezident: «Dunyo yoshlarimizning salohiyatini ko‘ryapti va O‘zbekiston kelajagiga sarmoya kiritmoqda»
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvi boshlandi.
Davlatimiz rahbari butun O‘zbekiston yoshlarini qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
“Keyingi yillarda iqtisodiyotimiz tez surʼatlar bilan o‘sib, barcha sohalarda imkoniyatlarimiz ortib borayotganida, hech shubhasiz, siz yoshlarning ham munosib hissangiz bor.
Bilagida kuch-g‘ayrat, har bir harakatida azmu shijoat jo‘sh urgan yigitlarimizni, bilim va odobda, aql-zakovatda tengsiz qizlarimizni ko‘rib, har qanday xalq, har qanday davlat bizga havas qilsa arziydi.
Katta-katta davlatlar, dunyoning eng nufuzli kompaniyalari bugun bizga nega ishonmoqda? Nega milliardlab dollar investitsiya kiritmoqda?
Bu, albatta, bejiz emas. Chunki, hamkorlarimiz yoshlarimizning ilm-fan, taʼlim, IT, madaniyat, sanʼat va sportdagi yutuqlarini ko‘rib, salohiyatimizga baho bermoqda, ertangi kunimiz poydevori mustahkam ekaniga ishonch hosil qilmoqda”, - dedi Prezidentimiz.
Prezidentimiz islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirini yaratishga kirishilganini, bu harakatlar bugun aniq natijalar berayotganini qayd etdi.
Masalan, o‘tgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Bilimli yoshlarimiz ilk bor top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etdi.
Bugungi kunda 30 nafar yoshlarimiz dunyoning top-10 talik oliygohida, 500 nafari top-100 va 1 ming 500 nafari top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.
Yaqinda butun yurtimizda barchamiz uzoq kutgan katta futbol bayrami bo‘lib o‘tdi. Xalqimizning 34 yillik orzusi ushaldi – milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“Yaqin-yaqingacha umrini paxta dalasida o‘tkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda, boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi.
Biz yoshlarimiz uchun sharoit yaratdik, ular bundan unumli foydalanib, baland cho‘qqilarni zabt etmoqda.
Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda.
Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!”, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari hozirgi vaqtda dunyo notinch va murakkab bo‘lib borayotganini, tinchlik – eng buyuk neʼmat, inson qadri va adolat – eng oliy qadriyat ekani har qachongidan ham chuqur his etilayotganini taʼkidladi.
“Yuksak bilimli, dunyoqarashi keng, zamonaviy fikrlaydigan, texnologik savodxon yoshlari ko‘p bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot, o‘zaro jipslik hamisha barqaror bo‘ladi.
Yoshlarimizga sifatli taʼlim va tarbiya berish, zamonaviy kasb va hunarlar, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoitlar yaratish eng asosiy vazifamiz va burchimizga aylangan”, - dedi Prezident.
Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, hududini namunali qilgan viloyat va tumanlar ko‘pligi taʼkidlandi.
Masalan, yosh tadbirkorlarimiz tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshdi.
Ilgari bu borada Toshkent shahri yakka peshqadamlik qilgan bo‘lsa, bugunga kelib Toshkent viloyati, Samarqand, Andijon, Namangan, Farg‘ona yoshlarining biznesdagi natijalari poytaxtdan qolishmayapti.
Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Xorazm yoshlar bandligini taʼminlash bo‘yicha ilg‘or hududlarga aylandi.
Yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Surxondaryo bir yil ichida 11-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilib, katta sakrash qildi. Jizzax va Sirdaryo ham yaxshi natija ko‘rsatmoqda.
Ikki yil oldin xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta hududdan 45 nafar o‘quvchi sovrin olgan bo‘lsa, o‘tgan 6 oyda ularning safiga Jizzax, Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari o‘quvchilari ham qo‘shilib, jami 166 ta medal qo‘lga kiritildi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitildi. Ayniqsa, Xorazm, Qashqadaryo va Samarqand yoshlari ITdan katta daromad topishni o‘rganib oldi.
Boshqa bir misol: o‘tgan yili 150 mingdan ziyod yoshlarimiz xalqaro til sertifikatlari oldi, bu 2023 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p.
Xorijiy tillarni mukammal bilish bo‘yicha Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Samarqand yoshlari ancha ilgarilab ketdi.
“Albatta, yoshlarning tilini yoshlar tushunadi, ular bir-biridan o‘rnak oladi, bir-biriga motivatsiya beradi.
Shu bois, 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilarini tayinladik. Ular uch yil davomida ko‘p narsani o‘rgandi, yetarli tajriba orttirdi.
Endi, ular maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashni o‘rganishi kerak”, - dedi Prezident.
Mahallalarimizda 167 ming nafar uyushmagan yoshlar, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming o‘quvchi borligi barchani o‘ylantirishi kerakligi qayd etildi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbari yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi:
“Mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sog‘lom muhit kimga bog‘liq? Avvalo, sizlarga bog‘liq.
Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun, har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida avvalo sizlar ko‘proq qayg‘urishingiz lozim”.
“Bir narsani aniq tushunib olish zarur. Bolani yomoni bo‘lmaydi. Ularga kattalarning mehri, imkoniyatlarini namoyon qilish uchun sharoit, o‘ziga ishonch bo‘lishi uchun motivatsiya kerak”, - dedi Prezidentimiz so‘zining davomida.
Misol uchun, Tadbirkorlik jamoatchilik kengashi aʼzolari – 108 nafar “chempion” tadbirkor o‘zlarining 308 ta korxonasi atrofidagi maktablarga borib, yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga qiziqtirayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Eng muhimi, bu o‘quvchilarning aksariyati kelajakda hayotini qaysi kasbga bog‘lash haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmoqda.
“Bunday tashabbuskor, fidoyi, vatanparvar tadbirkorlar – mening qanotlarim.
Ayting, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yetaklash, ishli va daromadli qilish uchun sizlarga yana qanday sharoit qilib beray?
Katta-katta tadbirkorlarimiz hokimlar bilan uchrashib, takliflarini tez kunda shakllantirib bersalar, bularni barchasini ko‘rib chiqishga tayyorman”, - dedi Prezident.
Respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin o‘quv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud. So‘nggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni ko‘paytirishga chaqirdi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ular yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yib, maktab, oliygoh, o‘quv va kasb markazlari, tadbirkorlarni boshini qovushtirib, yoshlarga ko‘maklashadigan tizim qilsa, albatta natija bo‘lishi taʼkidlandi.
“Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi, o‘zgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur.
Ana shunda Yangi O‘zbekistonda taʼlim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir so‘z bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning o‘zi qolmaydi!”, - dedi Prezidentimiz.
Joriy yil fevral oyida o‘tgan uchrashuvda yoshlar uchun 40 dan ziyod yangi tashabbuslar eʼlon qilinib, qariyb 500 million dollar ajratildi.
Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha ishga tushirilib, 292 mingta ish o‘rni yaratiladi. Yana 500 mingta ish o‘rni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan.
Masalan, energetikada 20 milliard, neft-gaz va kimyoda 11 milliard, tog‘-konda 7 milliard, elektrotexnika va avtomobilsozlikda 4,5 milliard dollarlik minglab korxonalar ishga tushadi.
Ishlar boshlanishi bilan “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energiya, raqamli geologiya, texnologik minerallar, bio-injeneriya yo‘nalishlarida minglab mutaxassislarga talab paydo bo‘ladi.
“Yangi texnologiyalar asrida kim yutadi? Faqat kreativ fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasblarni egallagan mutaxassislar.
Shijoatingizdan ko‘rib turibman, albatta siz, yoshlar bu korxonalarni boshqarib, katta-katta kashfiyotlar qilasizlar, ularga innovatsiyalarni olib kirasizlar!
Shu bois, hozirdanoq bunday loyihalarga kadrlar tayyorlashni boshlaymiz”,- dedi Prezident.
“Garvardchilar” maktabi Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida faoliyatini boshlab yubordi.
Ushbu xalqaro maktabga bu yilgi 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinadi va 3 ta yo‘nalishda o‘qitiladi. Kelgusida o‘quv o‘rinlari karrasiga ko‘paytiriladi.
Umuman, milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi seleksiya qilinib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi.
Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi.
“Taʼlim – kelajak sarmoyasi” degan ezgu g‘oya jamiyatimizda katta harakatga aylanmoqda.
Yaqinda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati takomillashtirildi. Endi top-300 talik oliygohga kirganlar uchun o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.
Eng avvalo, STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar bir necha karra oshiriladi.
Endilikda banklar top-300 talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti beradi.
Sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetikani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab, 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari qadriyatlarimiz va madaniyatimizni o‘zida ifoda etadigan sunʼiy intellektning milliy modelini ishlab chiqish boshlanganini eʼlon qilindi.
Bu boy tariximiz va zamonaviy yondashuvlarni o‘zida uyg‘unlashtirib, yoshlarning yangi kreativ g‘oyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bu tizim samara berishi uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilmoqda.
Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlarimiz sunʼiy intellekt texnologiyalarini o‘rganadi.
Hozir maktablarimizda 19 ming 500 nafar informatika o‘qituvchisi bor.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Massachusets texnologiya institutining sunʼiy intellekt taʼlim dasturi asosida o‘quv dasturlarini yangilaydi.
Har bir viloyatdan 100 nafar informatika o‘qituvchisi joriy yilda Yangi O‘zbekiston universitetida ushbu dasturga o‘qitiladi. Ushbu mentor o‘qituvchilar o‘z hududidagi qolgan informatika o‘qituvchilarini ikki yil davomida kaskad usulida tayyorlaydi.
Bu orqali besh yilda barcha maktab bitiruvchilari sunʼiy intellekt bo‘yicha yetarli bilim oladi.
“Raqamli avlod qizlari” tanlovida taʼlim, sunʼiy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi kabi sohalarda 7 ming o‘quvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi.
Bu yil kamida 50 ming nafar qizlar “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bilan qamrab olinadi.
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratildi. Ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi.
Prezidentimiz bu raqam 1 milliard dollarga yetkazilishini aytdi.
Endi, bu ishlar maktabdan boshlanadi. O‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant ajratiladi.
Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.
Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-park “RnD” markazini ochadi.
Bunda, eng yaxshi loyihalar bo‘yicha prototip yaratish xarajatining 50 ming dollargacha qismi Yoshlar venchur jamg‘armasidan qoplanadi.
Har yili investorlar, yirik korxona va startap tashabbuskorlari ishtirokida “Startap-ekspo” ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
Hozir tog‘-kon, agrosanoat, to‘qimachilik, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari sohasida 1 million yoshlar mehnat qilmoqda.
Endi sanoat, servis, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligida band yoshlarning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha ham tizim yaratiladi.
Har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha aynan yoshlar o‘rtasida respublika musobaqalari o‘tkaziladi. Bunda davlat korxonalari va xususiy sektor vakillari tengma-teng ishtirok etadi.
Tarmoq rahbarlari har yili o‘z tizimidagi 100 nafar yoshni seleksiya qilib, xorijiy stajirovkaga yuborishni yo‘lga qo‘yadi.
Buning uchun, har bir tarmoq 10 milliard so‘mdan ajratadi. Bu mablag‘lar soliq solish bazasidan chegirib tashlanadi.
O‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilari hamda texnikum va oliygohlarni tugatayotgan talabalarni band etish bo‘yicha 2 ta alohida dastur qabul qilindi.
Shu maqsadda Aloqabank va Milliy bankka 300 million dollar ajratildi.
Ular “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming yoshlarni, “Kelajakka qadam” orqali 140 ming oliygoh bitiruvchisini daromadli ish bilan taʼminlashga masʼul bo‘ladi.
Bandlik vazirligi Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga oliygoh, texnikum, kasbiy taʼlim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bog‘laydigan platformani ishga tushiradi.
Bandlik, Maktab, Oliy taʼlim vazirliklari “Harakatda daromad” elektron tizimini yaratib, taʼtildagi 3 million yoshlarni malaka talab qilmaydigan ishlar bilan band qiladi.
Har yili yuqori sinf o‘quvchilarini kasb tanlashga qiziqtirish va ko‘maklashish maqsadida “Mening kasbim” respublika tanlovi o‘tkaziladi.
So‘nggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi.
“Biz Yangi O‘zbekistonda “xalq xizmatidagi davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishda siz kabi iqtidorli, jonkuyar va yetakchilik qobiliyatiga ega o‘g‘il-qizlarimizga tayanamiz.
Shu bois, o‘tgan oyda istiqbolli kadrlar tayyorlash va ularni davlat boshqaruviga jalb etish bo‘yicha muhim farmonni imzoladim.
Endi, Davlat boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi bo‘yicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar o‘qitiladi”, - dedi Prezident.
Bu yoshlar vazir va hokimlarga biriktiriladi, ikki oy ularning yonida yurib, tajriba orttiradi. Bir oyga xorijiy stajirovkaga yuboriladi.
Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod bo‘ladi.
Yoshlarimizni kitob o‘qishga qiziqishini oshirishda tanlovlar muhim rol o‘ynamoqda.
Birgina misol, Xorazmiy maktabining 8-sinf o‘quvchisi Dilbar Haydarova “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lib, ota-onasiga Prezident sovrini – avtomobil sovg‘a qildi.
“Dilbarxon qizim, sen o‘z misolingda inson chin dildan harakat qilsa, ko‘p narsaga erisha olishini isbotlading, bu yo‘lda ko‘pchilik uchun namuna bo‘lding. Buning uchun katta rahmat senga! Rahmat seni katta qilgan ota-onangga!”, - dedi davlatimiz rahbari.
Yoshlarni aktyorlik, musiqa, kitobxonlikka qiziqishini oshirish uchun “Turon” teatri, “Iqtidor ansambli”, “Jadidlar izidan” kabi tanlovlar o‘tkazilib, ularda 400 mingga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi.
Endi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar chekka hududlardagi maktablarga muntazam borib, o‘z chiqishlari bilan tengdoshlarini madaniyat va sanʼatga qiziqtiradi. Buning uchun viloyat hokimlari bittadan avtobus olib beradi.
Respublika tanlovi g‘oliblariga madaniyat va sanʼat oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi.
“Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari bolalar va musiqa sanʼat maktablarida bepul o‘qitiladi.
“Yosh avlodni turli zararli taʼsirlardan asrash, ularga axborot makonida foydali, mazmunli maʼlumotlarni yetkazish va targ‘ib qilish doim eʼtiborimiz markazida bo‘lishi zarur”, - dedi Prezident.
Shu maqsadda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etilgani, markaz milliy madaniyat, sanʼat, adabiyot, tarix va maʼnaviy qadriyatlar asosida bolalarga mo‘ljallangan tarbiyaviy kontentlar yaratish uchun masʼul bo‘lishi qayd etildi.
Joriy yildan boshlab mahallalarda o‘tkazilgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalarida 244 ming yigit-qizlar ishtirok etdi, 1 milliondan ziyod yoshlar esa ularni katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Bu bellashuvlar vatanparvarlik, jasorat va jipslikni targ‘ib etadigan muhim harakatga aylandi.
“Mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ko‘z qorachig‘idek asrashda siz, aziz yoshlarimizga tayanamiz.
Unutmang: mustaqillik – bu shunchaki rasmiy maqom emas, balki har bir yoshga o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkonini beradigan buyuk neʼmat”, - dedi Prezidentimiz.
Yoshlarga oid islohotlarni xalqaro hamjamiyat ham keng eʼtirof etayotgani taʼkidlandi.
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi.
Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz yoshlar siyosati sohasida eng tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan davlat, deb topildi.
Buxoro shahri Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlari poytaxti maqomini oldi.
Shu kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan Global yoshlar festivalida 30 dan ortiq davlatdan kelgan 300 nafardan ziyod yoshlar, 10 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Prezident ushbu forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo yoshlari uchun samarali hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz bugun “Kreativ iqtisodiyot”, “Raqamli yashil tashabbuslar”, “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” va “Yosh innovatorlar” maydonchalaridagi o‘g‘il-qizlarimiz bilan muloqot qilib, hozirgi yoshlarimiz – Yangi O‘zbekistonning haqiqiy bunyodkorlari ekaniga yana bir bor amin bo‘lganini taʼkidladi.
“Men sizlar bilan faxrlanaman! Sizlarning har bir yutug‘ingiz bu – ko‘p millatli butun xalqimizning yutug‘idir.
Azmu shijoatingiz, sog‘lom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz – millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir”, - dedi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari o‘z sohasida ilg‘or, tashabbuskor yoshlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va g‘oyalarini tingladi.
Prezident farmoni bilan ilm-fan, texnologiya, madaniyat, sanʼat, sport, tadbirkorlik va boshqa sohalarda tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh o‘g‘il-qizlarimiz mukofotlangan edi.
Bugungi tadbirda davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir yakunida davlatimiz rahbari yana bir bor yoshlarga murojaat qildi:
“Yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqsh, kelajak uchun poydevor degani. Poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, hayotingiz, baxtingiz binosi shunchalik muhtasham bo‘ladi.
Yoshlikdagi harakat kelajakdagi yutuq degani. Yoshlikda orttirilgan do‘st bir umrlik hamkor, tayanch va suyanch degani.
Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog‘lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug‘ bo‘ladi.
Men butun O‘zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo‘lishini tilayman!
Ishonchim komil, biz ko‘p millatli butun xalqimiz bilan, siz, aziz farzandlarim bilan ulug‘ maqsadlarimizga, albatta, yetamiz! Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda, albatta, barpo etamiz!”.
#Shavkat Mirziyoyev