O‘zbekiston Pokistonning The Searle Company Limited farmatsevtika kompaniyasi bilan investitsiya masalalarini muhokama qilmoqda
O‘zbekiston Pokistonning The Searle Company Limited farmatsevtika kompaniyasi bilan investitsiya masalalarini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Pokiston Respublikasiga xizmat safari doirasida navbatdagi uchrashuv mamlakatning yana bir yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan - "The Searle Company Limited" rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida kompaniya faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari hamda mahsulot portfeli taqdim etildi. Qayd etilganidek, "The Searle Company Limited" kardiologiya, antiinfeksion preparatlar, markaziy asab tizimi, vitaminlar, shuningdek, retsepturali dori vositalari, OTC mahsulotlar va nutritsevtikalar ishlab chiqarish yo‘nalishlarida mustahkam o‘ringa ega.
Muzokaralar chog‘ida farmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollari, investitsiyaviy imkoniyatlar hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Agentlik tomonidan kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi, mahalliy farmatsevtika tarmog‘ida ishtirokini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
The Searle Company Limited - 1965 yilda tashkil etilgan, shtab-kvartirasi Karachi shahrida joylashgan, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga mahsulot eksport qiluvchi yetakchi farmatsevtika kompaniyasidir.