O‘zbekiston-Pokiston: sohaga oid yangi istiqbolli hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokiston Islom Respublikasining Laxor shahrida bo’lib o’tayotgan “Made in Uzbekistan” ko’rgazmasida Respublikamizning qishloq xo’jaligi sohasida erishilgan ilmiy yutuqlar, sanoatdagi ulkan natijalar va yangi mahsulot turlari namoyish etildi.
Ko‘rgazmada 11 nafar o‘zbek tadbirkori hamda ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirok etib, paxtachilik, sabzavotchilik va boshqa agrar yo‘nalishlardagi ilmiy ishlanmalar bilan qatnashdi. Shu bilan birga, 83 turdagi sanoat mahsulotlari – qayta ishlangan go‘sht va meva-sabzavotlar, quritilgan mahsulotlar, ziravorlar, danakli va boshqa o‘simlik yog‘lari, qandolat mahsulotlari keng turda taqdim qilindi.
Yirik tadbir doirasida bir qator muhim kelishuvlar amalga oshirildi. Agroeksport savdo korxonasi pokistonlik tadbirkorlar bilan dukkakli mahsulotlar eksporti bo‘yicha 5 million dollarlik shartnoma imzoladi. “Sara Yevropa Eksim” korxonasi esa ziravorlar va quritilgan sabzavotlar eksporti uchun 3 million dollarlik kelishuvga erishdi.
Shuningdek, Pokistondan mahsulot import qilish bo‘yicha ham qator masalalar muhokama qilib, “Atlas shox” va “OOO TTT-Trade” korxonalari pokistonlik “Mohmand Enterprises” va “Buraaq Impex” kompaniyalari bilan kartoshka importi bo‘yicha 5 million dollarlik istiqbolli kelishuvga erishdi.
Qayd etish lozim, ko‘rgazmada Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi “Yetti xazina” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan iste’mol tuxumlari, inkubatsion tuxumlar va vaksinalar tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularning mahsulotlari Pokiston bozorida istiqbolli deb baholandi.
Shuningdek, urug‘chilik yo‘nalishidagi hamkorliklarni kengaytirish va kelajakdagi muzokaralarni Toshkent shahrida davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Aytish mumkinki, bu kabi ko‘rgazmalar O‘zbekiston brendining xalqaro miqyosda tanilishini ta’minlaydi va yangi eksport yo‘nalishlarini yaratish orqali milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.