O‘zbekiston Pekindagi Global sammitda ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13–14 oktyabr kunlari Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Prezidenti Si Szinpin hamda BMTning Gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilmasi tashabbusi bilan Global ayollar sammiti o‘tkazilmoqda.
Sammit 1995 yilda qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi arafasida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — gender tenglikni mustahkamlash, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish va ularning global rivojlanishdagi ishtirokini kengaytirishdan iborat.
Tadbirda 100 dan ortiq mamlakatlar delegatsiyalari qatorida O‘zbekistondan Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova rahbarligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibiga Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Shahlo Ibragimova ham kirdi.
Forum doirasida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar va amaliy tashabbuslarni taqdimot qilinib, raqamli texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot, ayol tadbirkorligi, STEM-taʼlim, xalqaro grantlar va ayollar salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
Shuningdek, sammit doirasida Xitoy xalq siyosiy maslahat Kengashi raisi o‘rinbosari, Butunxitoy ayollar federatsiyasi rahbari Shen Yueyue xonim bilan muloqot o‘tkazildi.Suhbat chog‘ida taraflar sammit yakunlarini amalga oshirish masalalari hamda xotin-qizlarning har tomonlama rivojlanishi jarayonini jadallashtirish bo‘yicha fikr almashdilar.