O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Ashxobodda Gender tenglik masalalari bo‘yicha parlamentlararo muloqotda ishtirok etdi
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Ashxobodda Gender tenglik masalalari bo‘yicha parlamentlararo muloqotda ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 26-mart kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Ashxobod shahrida gender tenglikni taʼminlash va gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida qonunchilik asoslarini mustahkamlashga bag‘ishlangan parlamentlararo muloqotda ishtirok etdi.
Tadbir Turkmaniston Majlisi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda xalqaro tashkilotlar va sakkiz davlat parlamentlari vakillari ishtirokida tashkil etildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash bo‘yicha qonunchilik va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha milliy tajribani taqdim etdi, bunda gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Zamonaviy tahdidlarga, shu jumladan, kiberbulling, onlayn tahdidlar va psixologik bosim kabi zo‘ravonlikning yangi shakllari tarqalishiga qarshi samarali javoblarni ishlab chiqish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Qonunchilikni yanada moslashtirish, raqamli himoya vositalarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek, parlamentlarning bu boradagi rolini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarni himoya qilish tizimini kuchaytirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirish va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida xabardor qildi.