O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi AQSHdagi vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi AQSHdagi vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatorlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari AQSHda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda vatandoshlarimizga mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezident Sh. Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xorijdagi fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi.
Xususan, xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan, shuningdek, murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, stipendiyalar va madaniy-maʼrifiy dasturlar hamda “Ildiz” va “Chinor” platformalari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda vatandoshlarimizga tezkor va sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish, shu bilan birga O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida investitsiyalar, eksport, turizm, taʼlim, IT va tibbiyot sohalarida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.