O‘zbekiston oziq-ovqat tizimlari va iqlim choralarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha 20 dan ortiq davlatlar qatoriga qo‘shildi
O‘zbekiston oziq-ovqat tizimlari va iqlim choralarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha 20 dan ortiq davlatlar qatoriga qo‘shildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan, BMTning Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi markazi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Milliy konvergentsiya tashabbusi doirasida seminar o‘tkazildi.
Mazkur seminar davlat organlari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va asosiy manfaatdor tomonlar vakillarini birlashtirib, O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari transformatsiyasi va iqlim choralarini uyg‘unlashtirishni kuchaytirishga xizmat qildi.
Ushbu tadbir orqali O‘zbekiston Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan Konvergentsiya tashabbusini ilgari surayotgan 20 dan ortiq davlatlar qatoriga qo‘shildi. Mazkur tashabbus oziq-ovqat tizimlari transformatsiyasi va iqlim choralarini o‘zaro uyg‘unlashtirishni rag‘batlantiruvchi muvofiqlashtirilgan, tarmoqlararo yondashuvlarni ilgari surishga qaratilgan.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl honim:
“Bugungi muammolarni hal etish tarmoqlar kesimidagi yondashuvlardan voz kechib, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rivojlanishni birlashtirgan integratsiyalashgan yechimlarni talab qiladi.
Konvergentsiya tashabbusi oziq-ovqat tizimlari transformatsiyasini iqlim choralariga uyg‘unlashtirish uchun amaliy platformani taqdim etadi, shu bilan birga BMT tizimi va milliy hamkorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi.”
O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda muhim siyosiy hujjatlar orqali qat’iy yondashuvni namoyon etmoqda, jumladan Oziq-ovqat xavfsizligi milliy strategiyasi hamda qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy dasturi. Ushbu hujjatlar qishloq xo‘jaligining iqlimga chidamliligini oshirish, suv va yer resurslaridan barqaror foydalanishni ta’minlash, shuningdek, ortib borayotgan iqlim va oziq-ovqat xavfsizligi xatarlariga javob berish uchun erta ogohlantirish va risklarni boshqarish tizimlarini kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Kushnazarov:
“O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida sezilarli islohotlarni amalga oshirdi. 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi hamda ‘Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida’gi qonun barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash, oziqlanish natijalarini yaxshilash va barqarorlikni oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Shu bilan birga, idoralararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish hamda turli tarmoqlar bo‘yicha ma’lumotlar tizimlarini yaxshiroq integratsiya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Oziq-ovqat tizimlari siyosatini iqlim choralariga uyg‘unlashtirish uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.”
Seminar davomida idoralararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish, ma’lumotlar integratsiyasini yaxshilash hamda iqlim va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlarni oldindan aniqlash va ularga tezkor javob berish imkonini beruvchi erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar doirasida iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligi, suv samaradorligi, barqaror qiymat zanjirlari hamda integratsiyalashgan monitoring tizimlari kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
FAO ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov:
“Oziq-ovqat tizimlari transformatsiyasi va iqlim choralarini uyg‘unlashtirish endilikda tanlov emas — bu zaruratdir. Konvergentsiya tashabbusi siyosat, investitsiyalar va amalga oshirish jarayonlarini o‘zaro bog‘lash uchun tizimli platformani taqdim etadi hamda mamlakatlarga parchalangan yondashuvlardan yaxlit va integratsiyalashgan oziq-ovqat tizimlari transformatsiyasiga o‘tishda ko‘maklashadi.”
BMTning Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi markazi ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus mamlakatlarga siyosiy uyg‘unlikni kuchaytirish, tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlash hamda amaliy yechimlarni ishlab chiqishda ko‘maklashadi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar konvergentsiya uchun ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash hamda kelgusidagi siyosat, investitsiyalar va institutsional muvofiqlashtirish mexanizmlarini belgilovchi Konvergentsiya harakatlar rejasini ishlab chiqishga hissa qo‘shdilar.
Mazkur seminar O‘zbekistonda yanada barqaror, inklyuziv va iqlimga moslashgan oziq-ovqat tizimini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi, shuningdek mamlakatning oziq-ovqat tizimlari va iqlim bo‘yicha mintaqaviy hamda global jarayonlardagi ishtirokini mustahkamladi.