O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Kot-D‘Ivuarni mag‘lub etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi (U-17) Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvida Kot-D‘Ivuar terma jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 13-daqiqasida hisobni Muminxon Baxodirxonov ochdi, 90+3-daqiqada esa Kahramon Turg‘unov yakuniy natijani o‘rnatdi. 74-daqiqada O‘zbekiston darvozaboni Neʼmatulloh Rustamjonov penaltini qaytarib, darvozasini “quruq” saqlab qoldi.
Navbatdagi nazorat uchrashuvini jamoa 29 oktyabr kuni Burkina-Faso terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Terma jamoa 3–27 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. “J” guruhida O‘zbekiston Paragvay, Irlandiya va Panama jamoalariga qarshi bahs olib boradi.