O‘zbekiston Nipax virusi sababli Hindistondan tirik hayvonlar va qushlarni importini vaqtincha taqiqladi
O‘zbekiston Nipax virusi sababli Hindistondan tirik hayvonlar va qushlarni importini vaqtincha taqiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Nipax nomli o‘ta xavfli virus tarqalish xavfi sababli Hindistondan tirik hayvonlar va qushlar importini vaqtincha to‘xtatdi. Vaqtinchalik cheklovlarni joriy etish to‘g‘risidagi qaror mamlakat Bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan imzolandi.
29 yanvardan boshlab taqiq Hindistonning butun hududidan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirishga, shuningdek, xalqaro tranzit holatlaridan tashqari, Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida ishlab chiqarilgan hayvonot mahsulotlariga tatbiq etildi. Epizootik jihatdan barqaror deb topilgan hududlardan mahsulot olib kirish masalalari davlat veterinariya xizmati tomonidan alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.
Jahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, G‘arbiy Bengaliyadagi epizootik vaziyat noqulay deb baholanmoqda va aynan shu holat cheklov choralarini joriy etishga asos bo‘lgan.
Avvalroq O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi fuqarolarni Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida Nipax virusi tarqalayotgani munosabati bilan ehtiyot choralariga rioya qilish zarurligi haqida ogohlantirgan, shu bilan birga kasallikning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli juda past ekanini taʼkidlagan edi.