O‘zbekiston milliy terma jamoasi Panini oilasiga qoʻshildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jahonning mashhur sport kolleksiya brendi – Panini bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tarixda ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi Paninining jahon miqyosida mashhur stiker albomidan joy oladi.
Italiyaning Panini kompaniyasi bugungi kunda sport kolleksiyalari, nashriyot va savdo kartochkalari sohasida dunyo yetakchisi hisoblanadi. Kompaniya 1970-yildan beri FIFA bilan birgalikda Jahon chempionatiga bag‘ishlab futbol ixlosmandlari uchun seriyali kolleksiyalar taqdim etib kelmoqda. Bugungi kunda Panini FIFA, UEFA, NBA, NFL hamda dunyoning yetakchi futbol assotsiatsiyalari va klublari bilan faoliyat olib boradi.
“Bu hamkorlik O‘zbekiston futboli imidjini mustahkamlash nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Panini rasmiy kolleksiyasidan joy olish – yurtimiz futbolining yillar davomida bosib o‘tgan rivojlanish yo‘liga juda mos e’tirofdir. Bu butun dunyoga O‘zbek futbolining jahon miqyosida o‘z o‘rnini topib borayotganligini ko‘rsatadi,” — dedi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Milliy jamoamiz Panini bilan faoliyat olib boradigan Markaziy Osiyodagi birinchi jamoaga aylanadi. Yillar davomida butun dunyo futbol ishqibozlari tomonidan sevib yig‘ilgan Panini albomi endilikda terma jamoamiz va millatimiz ruhini aks ettiradi.