O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Vengriya bilan sport sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov Vengriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yojef Roje bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar sport sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Vengriya elchisi so‘nggi yillarda o‘zbek sportining salmoqli yutuqlarini taʼkidlab, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, Oybek Qosimov vengr tajribasini o‘rganish O‘zbekistonda jamoaviy va suv sport turlarini rivojlantirishga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etdi.
Uchrashuvda milliy terma jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish va mutaxassislar almashinuvi masalalari ham muhokama qilindi.