O‘zbekiston Milliy gvardiyasi snayperlari Xitoydagi xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-20 iyul kunlari Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘tkir tig‘–2025” xalqaro snayperlar musobaqasida 25 ta davlatning vakillaridan iborat 45 ta jamoa ishtirok etdi. Bellashuvlar 4 yo‘nalishda bo‘lib o‘tdi va har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘rinlar alohida belgilandi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston Milliy gvardiyasi jamoasi Xitoy mezbonligidagi Vyetnam, Janubiy Koreya, Belorussiya, Rossiya, Ispaniya, Liviya, Qirg‘izistan, Qozog‘iston, Indoneziya, Vengriya, Kuba kabi 25 davlat vakillarining, 45 ta jamoalari o‘rtasida, bellashuvlarning eng murakkabi, yuqori jangovar shaylik va mohirlikni talab qiluvchi 2 ta sharti bo‘yicha, xususan majmuaviy merganlar mashqi (1200 metr masofada joylashgan 7 ta o‘q otish pozitsiyasida har xil masofada joylashgan 24 ta nishonni tezkorlik bilan yo‘q qilish) va shahar sharoitida baland binodan otish mashqi (merganlar juftligida 100-650 metrgacha bo‘lgan 6 ta nishonni tezkorlik bilan yo‘q qilish) shartlari bo‘yicha merganlarimiz rekord natijalar bilan birinchi o‘rinni egallagan holda mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Qolgan yo‘nalishlar (yakkalik hamda ekstremal merganlik mashqlari)da ham merganlarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, musobaqa yakuniga ko‘ra 8 ta medal,10 ta diplom va qimmatbaho sovg‘alar shuningdek, yuqorida taʼkidlaganimizdek eng murakkab yo‘nalishlarda g‘alaba qozongan jamoa sifatida tezkor texnik va taktik yo‘nalishi bo‘yicha Musobaqa kubogi sohibiga aylanishdi.
«Otkir Tigh-2025» musobaqasidagi g‘alaba o‘zbek harbiy xizmatchilari tayyorgarligining xalqaro maydondagi yuqori darajada ekanligini yana bir bor tasdiqladi.