O‘zbekiston MDH va YEIIH hamkorlari bilan 70 milliard dollarlik 600 dan ortiq qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorlari bilan birgalikda umumiy qiymati taxminan 70 milliard dollardan ortiq 600 dan ziyod sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu haqda do‘shanba kuni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov maʼlum qildi.
«Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorlari bilan iqtisodiyotning real sektorida muhim sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Umumiy portfel qiymati 70 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 600 dan ziyod qo‘shma loyihani o‘z ichiga olmoqda», — deya taʼkidladi Aripov Minsk shahrida o‘tkazilgan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida.
Bosh vazirning maʼlum qilishicha, ko‘rgazmada O‘zbekiston korxonalari ishlab chiqarayotgan 150 dan ziyod turdagi yuqori sifatli mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlik uchun samarali platformalardan biri har yili Toshkentda o‘tkaziladigan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib, joriy yilda beshinchi marta tashkil etilgan tadbirda 35 mamlakatdan 11 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir doirasida umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq loyihalar va savdo shartnomalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
«Biz hamkorlarimiz bilan kooperatsiyani yana-da rivojlantirishga tayyormiz va ularning Toshkentdagi „Innoprom“ tadbirlarida faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston Bosh vaziri.