O‘zbekiston Markaziy banki zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun rivojlangan davlatlar davlat obligatsiyalarini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralarni diversifikatsiya qilish instrumentlarini kengaytirish maqsadida rivojlangan davlatlarning davlat obligatsiyalarini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Markaziy bankning Xalqaro zaxiralar boshqarmasi direktori Sanjar Valiyev media-dialog chog‘ida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, diversifikatsiyaning dastlabki bosqichi yuqori likvidlikka ega bo‘lgan AQSH kaznacheylik obligatsiyalarini sotib olish bilan bog‘liq bo‘lgan. «Keyinchalik boshqa rivojlangan mamlakatlarning qimmatli qog‘ozlarini ham ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi Markaziy bank vakili.
U aniqlab o‘tganidek, gap faqat davlat qarz majburiyatlarini sotib olish haqida bormoqda — xorijiy kompaniyalar aksiyalarini xarid qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmayapti.
2024 yil may oyida Markaziy bank ilk bor 35 mln dollar miqdorida xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritgan edi. Kuzda regulyator yana 65 mln dollarlik AQSH kaznacheylik obligatsiyalarini xarid qilib, yil yakuniga kelib ularning umumiy hajmini 101 mln dollardan oshirdi.
2025 yil yanvar oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov AQSH davlat obligatsiyalariga investitsiyalarni davom ettirish niyatini tasdiqlagan va diversifikatsiya strategiyasi faqat xavfsiz aktivlarga sarmoya kiritishni ko‘zda tutadi, kriptovalyutalar esa bundan mustasno ekanini taʼkidlagan.
2025 yil avgust oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy maksimumga yetib, 1,34 mlrd dollarga ko‘paydi va 50 mlrd dollardan oshdi. Shu bilan birga, Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ilk bor 40 mlrd dollardan oshib ketdi, bu metall narxining o‘sishi va zaxiralarning 11,8 mln troy unsiyagacha ko‘payishi bilan izohlandi.
Sentyabr oyi boshiga kelib valyuta zaxiralari 9,5 mlrd dollardan kamroqni tashkil etdi, 49,3 mln dollarga kamaydi. Markaziy bank portfelidagi AQSH kaznacheylik qog‘ozlari qiymati 4,2 mln dollarga oshib, 1,016 mlrd dollarga yetdi.