O‘zbekiston Markaziy banki YANGI BANKni likvidatsiya qilish boshlangani va kafolatlangan omonatlar bo‘yicha to‘lovlar haqida maʼlum qildi
O‘zbekiston Markaziy banki YANGI BANKni likvidatsiya qilish boshlangani va kafolatlangan omonatlar bo‘yicha to‘lovlar haqida maʼlum qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qonunchilikka muvofiq YANGI BANK aksiyadorlik jamiyatini likvidatsiya qilish bo‘yicha Komissiya tuzilgani va o‘z faoliyatini boshlagani haqida maʼlum qiladi.
Ayni paytda omonatchilar ro‘yxati (reyestri) shakllantirilmoqda, ushbu jarayon 8 ish kuni davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2 ish kuni ichida Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kompensatsiya miqdori hamda agent-bank to‘g‘risida rasmiy veb-saytida qo‘shimcha axborot eʼlon qilinadi. Taxminan ushbu axborot 28 yanvar kuni joylashtirilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning banklardagi omonatlari davlat tomonidan qonunchilikda belgilangan tartib va miqdorlarda kafolatlanadi. YANGI BANKdagi kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Omonatchilar to‘lovlar bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotni Agentlikning ishonch telefoni orqali olishlari mumkin: 555 500 500. Bankni tugatishga oid umumiy masalalar bo‘yicha Komissiyaning call-markazi faoliyat yuritmoqda: +998 78 777 88 87.