Valyuta kurslari 20/02/2026
$1 – 12169.41
UZS – 0,3%
€1 – 14359.90
UZS – -0,0%
₽1 – 158.95
UZS – -0,09%
Qidirish
O'zbekiston Markaziy banki kreditlarni qaytarmaslik xavfi eng yuqori bo'lgan yosh guruhini aniqladi.

O'zbekiston Markaziy banki kreditlarni qaytarmaslik xavfi eng yuqori bo'lgan yosh guruhini aniqladi.

O'zbekiston Markaziy banki kreditlarni qaytarmaslik xavfi eng yuqori bo'lgan yosh guruhini aniqladi.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Statistika va tadqiqotlar departamenti kreditlarni qaytarish kechikishiga ta'sir qiluvchi omillar bo'yicha tadqiqot natijalarini e'lon qildi.

Tahlilga ko'ra, 20 yoshdan 35 yoshgacha bo'lgan qarz oluvchilar kreditlarni qaytarmaslik ehtimoli ko'proq. Regulyatorning ta'kidlashicha, yoshlar orasida bu tendentsiya daromadlarning beqarorligi, kredit mahsulotlari bilan ishlash tajribasining yetarli emasligi va moliyaviy tavakkalchilikka moyillikning yuqoriligi bilan bog'liq.

Tadqiqot shuningdek, kredit xatti-harakatlaridagi gender farqlarini ham aniqladi. Ayollar erkaklarga qaraganda qarzlarni qaytarmaslik ehtimoli kamroq bo'lgan, bu esa mutaxassislarning fikriga ko'ra, kredit majburiyatlarini bajarishda ehtiyotkorlik va intizomli yondashuvdan dalolat beradi.

2025-yil 1-dekabr holatiga respublikada jismoniy shaxslarning kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 217,1 trln soʻmni tashkil etgan. Bunda, jami 8,5 mln tadan ortiq shartnoma, 5 mln nafarga yaqin qarz oluvchilarning maʼlumotlari mavjud.

Kredit portfelining jins va yosh kesimida tahlili kreditlar boʻyicha kredit toʻlovlarini kechiktirish darajasi (kechikkan kreditlar sonining jami kreditlar soniga nisbati) demografik segmentlar oʻrtasida sezilarli darajada farq qilishini hamda qarz oluvchilar yoshi oshib borishi bilan pasayishini koʻrsatmoqda.

Xususan, kredit toʻlovlarini kechiktirishning eng yuqori koʻrsatkichlari erkaklar orasida 20-25 yosh (22,8%) va 25-30 yosh (20,9%) guruhlarida qayd etilgan. Ayollar orasida eng yuqori koʻrsatkich 20-25 yosh (13,3%) guruhida kuzatilgan. Yosh guruhlaridagi mazkur tendensiya daromadning oʻzgaruvchanligi, kredit tajribasining yetishmasligi va xulq atvor omillar (riskka moyillik, impulsiv xarajatlar, prokrastinatsiya) bilan izohlanishi mumkin.

30 yoshdan boshlab toʻlovlarni kechiktirish darajasi pasayib boradi. 35-50 yosh orasida oʻrtacha kechiktirish darajasi 14,8-15,5 foiz atrofida barqarorlashadi. 55 yoshdan yuqori guruhlarda esa koʻrsatkich 12,5-13,2 foiz darajasigacha pasayadi.

Gender farqlar barcha yosh toifalarida saqlanib qoladi: erkaklar ayollarga nisbatan yuqoriroq kechiktirish darajasini namoyon etadi. Ayniqsa 30 yoshgacha boʻlgan toifada tafovut 8-11 foiz bandgacha yetadi. 60 yoshdan keyin esa erkaklar va ayollar koʻrsatkichlari deyarli tenglashib, 12,5-13,1 foiz atrofida shakllanadi.

Yosh guruhlari kesimida kredit toʻlovlarini kechiktirish holatlarining taqsimoti asosiy kredit xavfi 20-35 yosh oraligʻidagi qarz oluvchilarda jamlanganini koʻrsatmoqda. Ushbu segment jami kechiktirilgan shartnomalarning eng katta qismini (53,4%) tashkil etadi: 20-25 yosh — 15,9 foiz, 25-30 yosh — 18,6 foiz, 30-35 yosh — 18,9 foiz. Yaʼni, kechiktirilgan shartnomalarning tarkibi kredit xavfining eng yuqori konsentratsiyasi aynan iqtisodiy faol va qarz yuki yuqori boʻlgan yosh guruhlarida jamlanganini namoyon etadi.

Kredit olgan jismoniy shaxslarning daromadlar va yosh boʻyicha tahlili daromadlar erkaklarda maʼlum yoshgacha oʻsuvchi tendensiyaga ega ekanligini, ayollarda esa 55 yoshgacha deyarli oʻzgarishsiz qolganligini koʻrsatmoqda. Erkaklarda daromadning oʻrtacha eng yuqori qiymati 30-40 yosh oraligʻida shakllangan. Shu bilan birga, ikkala jins vakillarida ham 55 yoshdan keyin daromadlarning sezilarli pasayishi kuzatilgan. Bu oʻz navbatida, ushbu yoshda, fuqarolarning asosan iqtisodiy faollikning keyingi davrida daromadlarining kamayishi bilan izohlanishi mumkin.

Umuman olganda, tahlillar kredit olgan erkaklar va ayollar daromadlari orasidagi farq 65-70 foizgacha yetishini koʻrsatmoqda. Mazkur farq asosan, pensiya yoshidan keyin qisqarishi kuzatilgan.

Shu bilan birga, daromadlar kesimida kreditlarni qaytarishni kechiktirilishi tahlil qilinganda, mazkur koʻrsatkich daromadlar oʻsishi bilan pasayib borishi aniqlandi. Xususan, erkaklar boʻyicha ham ayollar boʻyicha ham past daromadli aholining kreditlarni kechiktirish darajasi yuqori shakllangan. Erkaklarda daromad oshishi bilan kreditlarni qaytarish darajasi tezroq yaxshilansa, ayollarda asosan, oʻrtacha koʻrsatkich atrofida shakllangan.

Foiz stavkalari kesimida kechiktirilgan qarzdorlik tahlili stavka darajasi bilan kredit boʻyicha toʻlovlarni kechiktirish darajasi oʻrtasida ijobiy bogʻliqlik mavjudligini koʻrsatadi. 20-34 foiz stavkalar diapazonida kechiktirish darajasi eng past boʻlib (13,3%), bu ushbu segmentda portfel sifati eng yuqori darajada ekanidan dalolat beradi.

20 foizdan past boʻlgan stavkalarda kechiktirilgan shartnomalar ulushi 19,4 foizni tashkil qilib, portfelning asosiy segmentiga nisbatan yuqori koʻrsatkichni namoyon etadi. 34-46 foiz stavkalar oraligʻida esa kechiktirish darajasi 19,8 foizgacha oshib, ushbu nuqtadan boshlab risk dinamikasi sezilarli ravishda jadallashadi.

Portfel sifatidagi eng sezilarli yomonlashuv foiz stavkalari 46 foizdan yuqori boʻlganida qayd etilmoqda. Jumladan, 46-54 foiz segmentida muddati kechiktirilgan shartnomalar ulushi 20,8 foizga, 54-62 foiz segmentida – 27,5 foizga yetadi. Eng yuqori kechiktirish darajasi 62-76 foiz segmentida kuzatiladi — 33,7 foiz, bu ushbu oraliqda kredit risklarining juda yuqori darajada jamlanganini koʻrsatadi.

Umuman olganda, natijalar shuni koʻrsatadiki, kechiktirishning keskin oʻsish chegarasi 45-50 foiz chegarasida joylashgan boʻlib, ushbu nuqtadan keyin portfel sifati sezilarli darajada yomonlashadi. Bu oʻz navbatida, yuqori stavkali kreditlar ustidan alohida nazorat oʻrnatish maqsadga muvofiq ekanini koʻrsatadi.

Qarz oluvchilarning jinsi foiz stavkalarining aksariyat diapazonlarida ikkinchi darajali ahamiyatga ega. Oʻrtacha olganda, erkak qarz oluvchilar segmentida kechiktirilgan qarzdorlik ulushi sal yuqoriroq kuzatiladi, ammo foiz stavkasiga bogʻliq kechiktirishlar dinamikasi har ikki jins uchun ham deyarli bir xil xarakterga ega.

Shuningdek, tahlillar kredit muddati va kredit risk darajasi oʻrtasida chiziqli boʻlmagan bogʻliqlik mavjudligini koʻrsatmoqda. Eng past kechiktirish holatlari 3 oygacha boʻlgan qisqa muddatli kreditlarda kuzatilgan (4,4%).

Kredit muddati uzaygan sari kechiktirishlar holati ham oshib boradi va 6-12 oy segmentida 13,7 foizga, 12-24 oy segmentida esa 18,6 foizga yetadi. Kreditlar boʻyicha toʻlovlarni kechiktirishning eng yuqori darajasi 24-36 oy segmentida qayd etilgan — 19,8 foiz, bu esa oʻrta muddatli kreditlar risk darajasi eng yuqori boʻlgan segment ekanini koʻrsatadi.

Kredit muddati uzoqroq boʻlgan hollarda kechiktirish holatlari pasayishi kuzatilgan: 36-60 oylik segmentda — 18,9 foiz, 60 oydan ortiq kreditlarda esa — 11,3 foiz.

Gender kesimidagi tahlillarga koʻra, barcha kredit muddatlari boʻyicha erkak qarz oluvchilarda kechiktirilgan qarzlar ulushi ayol qarz oluvchilarga nisbatan yuqoriroq shakllangan.

Ayniqsa, 60 oydan ortiq muddatga ajratilgan uzoq muddatli kreditlar segmentida farq sezilarli boʻlib, erkaklarda ushbu koʻrsatkich 13,3 foizni, ayollarda esa 8,9 foizni tashkil etgan.

Umuman olganda, onlayn kredit olganlar boʻyicha kreditlarni qaytarishni kechiktirganlar ulushi oflayn kredit olganlarga nisbatan yuqori shakllangan. Shu bilan birga, yosh boʻyicha ham tafovut onlayn va oflayn kredit olganlarga ajratgan holda tahlil qilinganda ham saqlanib qolgan. Yaʼni 18-25 yosh orasidagi kredit oluvchilarda kreditlarni qaytarishni kechiktirish eng yuqori shakllangan.

Shuningdek, ikkala turdagi kreditlar boʻyicha ham kreditlarni qaytarishni kechiktirish erkaklarda ayollarga qaraganda yuqori.

Bir qarz oluvchiga toʻgʻri keladigan shartnomalar tahlili kredit shartnomalari sonining oshib borishi bilan kreditlarni toʻlash intizomining yomonlashib borishini koʻrsatdi.

Xususan, erkak qarz oluvchilar orasida ushbu koʻrsatkich bitta shartnoma mavjud boʻlganda 19,1 foizdan, 10 dan ortiq shartnoma mavjud boʻlganda 45,3 foizgacha yetadi, ayollar orasida esa — 16,5 foizdan 36,6 foizgacha oshadi. Bu kredit majburiyatlari soni ortishi bilan toʻlovlarni kechiktirish ehtimoli sezilarli darajada oshishini koʻrsatadi.

Shuningdek, bir qarz oluvchiga toʻgʻri keladigan kechiktirilgan shartnomalarning oʻrtacha ulushi shartnomalar soni koʻpayishi bilan oʻsib boruvchi tendensiyani namoyish etgan. Erkak qarz oluvchilarda ushbu koʻrsatkich ikkita shartnoma holatida 14,9 foizdan 10 dan ortiq shartnomalarda 27,5 foizgacha oshadi. Ayol qarz oluvchilarda esa 11,4 foizdan 21,4 foizgacha oʻsib, tizimli ravishda erkak qarz oluvchilar koʻrsatkichlaridan past darajada qolmoqda.

Qarz oluvchilar orasida shartnomalarning 50 foizi va undan ortigʻi kechiktirilgan holatda boʻlganlar ulushi ham shartnomalar soni ortishi bilan oʻsib boradi. Xususan, erkak qarz oluvchilar orasida ushbu koʻrsatkich 13-29 foiz oraligʻida tebranib, 10 dan ortiq shartnomalar segmentida 29 foizga yetadi, ayol qarz oluvchilarda esa 9-22 foizni tashkil etib, maksimal 22,2 foizga teng.

Portfel tarkibi tahliliga koʻra, qarz oluvchilarning 71,3 foizi faqat bitta faol shartnomaga ega, yana 16,6 foizi esa ikkita shartnomaga ega. Yaʼni, qarz oluvchilarning qariyb 90 foizi bir vaqtda kam sonli kredit majburiyatlariga ega boʻlgan segmentlarda jamlangan. 3-4 ta shartnomaga ega qarz oluvchilar portfelning taxminan 8 foizini tashkil etadi, 5 va undan ortiq shartnomaga ega mijozlar esa 3 foizga toʻgʻri keladi. 10 va undan ortiq shartnomalar segmentining ulushi 0,7 foizni tashkil etadi. Ayol qarz oluvchilar koʻproq hollarda bitta shartnomaga ega (74,5 foiz, erkaklarda esa 68,6 foiz), shu bilan birga, koʻp kredit olgan qarz oluvchilar orasida erkaklarning ulushi ayollarga nisbatan yuqori shakllangan.

Kredit taʼminoti turlari boʻyicha kechiktirilgan qarzdorlik tahlili portfel sifatida sezilarli farqlar mavjudligini koʻrsatadi. Eng yuqori kechiktirish darajasi mulk huquqi bilan taʼminlangan kreditlar boʻyicha kuzatiladi (erkaklarda 32,8%, ayollarda 25,0%), shuningdek sugʻurta bilan taʼminlangan kreditlarda (mos ravishda 21,3% va 20,0%). Taʼminotsiz kreditlar esa oʻrtacha darajadagi kechiktirish holatlari bilan tavsiflanadi (erkaklarda 15,3%, ayollarda 12,2%). Bu oʻz navbatida, taʼminotsiz kreditlarning nisbatan kichikroq miqdorda ajratilishi bilan izohlanadi.

Eng yuqori sifatli kredit portfeli uchinchi shaxslar kafilligi bilan ajratilgan kreditlar (erkaklarda — 7,2%, ayollarda — 3,9%) hamda yengil avtomobil bilan taʼminlangan kreditlar (mos ravishda 9,9% va 12,0%) hissasiga toʻgʻri keladi. Koʻchmas mulk va jismoniy shaxslarning ish haqi bilan taʼminlangan kreditlar boʻyicha toʻlovlarni kechiktirish darajasi oʻrtacha darajada boʻlib, taxminan 15-16 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, qoʻshma qarz oluvchisi mavjud kreditlarda kechiktirish darajasi nisbatan past shakllangan. Xususan, qoʻshma qarz oluvchisiz kreditlar boʻyicha kechiktirilgan qarzdorlik ulushi erkaklar orasida 18,4 foiz va ayollar orasida 12,6 foizni tashkil etadi. Qoʻshma qarz oluvchi mavjud boʻlgan holatlarda esa ushbu koʻrsatkich mos ravishda 14,8 foizgacha va 8,9 foizgacha pasayadi.

Shuningdek, qoʻshma qarz oluvchi erkak boʻlgan hollarda koʻrsatkich kreditlarni kechiktirish koʻrsatkichi 11,0 foizni, ayol boʻlgan hollarda esa 9,9 foizni tashkil etadi.
Qoʻshma qarz oluvchining yoshi boʻyicha kechiktirish holatlarida farq sezilarsiz – oʻrtacha 10,5 foiz, biroq kattaroq yoshdagi guruhlarda (66 yosh va undan yuqori — 12,1%) ushbu koʻrsatkich biroz yuqori shakllangan.

Tadqiqot ishi doirasida 8 mln 577 ming nafar kredit olgan jismoniy shaxslar qamrab olingan. Maʼlumotlarni tozalash maqsadida kredit balansi 0 boʻlgan jismoniy shaxslar tanlanmadan chiqarib tashlandi. Shuningdek, tanlanmani birxillashtirish maqsadida bittadan ortiq kredit olgan jismoniy shaxslarning faqatgina bitta kerditlari boʻyicha maʼlumotlari hisobga olindi.

Bundan tashqari, maʼlumotlar bazasida 18 yoshdan kichik jismoniy shaxslarga berilgan deb qayd etilgan maʼlumotlar ham tanlanmadan chiqarildi. Natijada, 4 mln 949 ming jismoniy shaxslarning kredit maʼlumotlari orqali regression tahlil amalga oshirildi.

Tijorat banklarining skoring modellarini ishlab chiqishda ayollar va erkaklarga turli xil risk yondashuvlarini qoʻllash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Xususan, ayollar uchun risklilik darajasini qisqartirish kredit bozorida teng sharoitlarni yaratishga hamda xotinqizlarning kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini kengayishiga xizmat qilishi mumkin. 
Xususan, oʻrganishlar, ayollarning oʻrtacha oylik daromadlari erkaklarga qaraganda 1,6 barobarga kam boʻlishiga qaramasdan, ularning kreditlarni qaytarishni kechiktirish ehtimoli erkaklarga nisbatan yuqori shakllanganligini koʻrsatdi. 

Yoshga qarab kreditlarni risklilik darajasini qayta koʻrib chiqish, xususan, 18-30 yoshgacha boʻlgan mijozlarga 30-60 yoshgacha boʻlgan mijozlarga nisbatan yuqorirok risk darajasini qoʻllash imkoniyatini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, kreditlarni onlayn olishda risk darajasini oshirish yoki onlayn kredit olish talablarini qatʼiylashtirish zarurati mavjud. Mazkur tadqiqot ishining yana bir ahamiyatli tomonlaridan biri kelgusida kreditlarni qaytarish boʻyicha mijozlar bilan kommunikatsiya qilinganda turli xil yondashuv zarurligini koʻrsatadi. 

Xususan, mijozlarning jinsi va yoshi aynan nima sababdan ularning kreditlarni qaytarish boʻyicha harakatlariga taʼsir koʻrsatishini aniqlash uchun alohida eksperimental tadqiqot oʻtkazish talab qilinadi.

Bundan tashqari, kreditlarni qaytarishni kechiktirayotgan mijozlarga jinsi va yoshiga qarab kreditni kechikkanligi boʻyicha xabarnomalarni turli shakllarda (nudging) yuborib koʻrish va aynan shu mijozlarning xabar turlariga reaksiyasini kuzatib borish orqali (kreditlarni qaytarishiga qanday taʼsir qilishini) qarz oluvchilarning turli kategoriyalari boʻyicha eng samarali kommunikatsiya usullarini ishlab chiqish talab etiladi. 

Shuningdek, kredit olishdan oldin qarz oluvchilarga kredit shartlari va oqibatlari toʻgʻrisida koʻproq maʼlumot berish, xususan, maxsus roliklar tayyorlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shu bilan birga, kredit ajratayotganda banklar tomonidan maʼlumotlarning toʻgʻri kiritilishiga ahamiyat berish kelgusida bunga oʻxshash tadqiqotlarni amalga oshirishni osonlashtiradi hamda sifatini oshirishga ham xizmat qiladi. 

Xususan, mazkur tadqiqotni amalga oshirishda, 13 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan jismoniy shaxslarga kredit berilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlib, bu asosan, tugʻilgan yili boʻyicha maʼlumotlarning notoʻgʻri kiritilganligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling