O‘zbekiston Markaziy banki bo‘sh ish o‘rinlari va mehnat migrantlari pul o‘tkazmalari o‘sishini qayd etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki 2025 yilning ikkinchi choragida mehnat bozori holati bo‘yicha hisobot eʼlon qildi.
Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur davrda eʼlon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni sezilarli darajada oshgan. «Birinchi chorak bilan solishtirganda ish takliflari soni 28,7 foizga ko‘paydi, ish o‘rinlarining katta qismi savdo (19,4%), umumiy ovqatlanish (17,5%) va sanoat (16,8%) sohalariga to‘g‘ri keldi», — deyiladi hisobotda.
Shu bilan birga, faol rezyumelar soni ham o‘sishda davom etgan, ayniqsa savdo, xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama sohalarida. Biroq Markaziy bank taʼkidlaganidek, ish izlashning onlayn faolligi oldingi yillarga nisbatan pasaygan. Regulyator ekspertlarining fikricha, bu ish beruvchilarning xodimlarga qo‘ygan malaka talablari bilan nomzodlar ko‘nikmalari o‘rtasidagi nomutanosiblikdan dalolat berishi mumkin.
Hisobotda qayd etilishicha, uch oy ichida ish o‘rinlarini ko‘paytirishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar ulushi 30,2 foizgacha qisqargan (birinchi chorakda 36,3 foiz edi). Shu bilan birga, mavjud shtatni saqlab qolish niyatidagi kompaniyalar soni ortib, 56,4 foizdan 61,2 foizga yetgan. «Bu biznes ishchi kuchi bo‘yicha talabni saqlab qolayotganini, biroq yaqin kelajakda o‘sish surʼatlari moʻtadilroq bo‘lishini kutyotganini ko‘rsatadi», — deydi Markaziy bank.
Shuningdek, mamlakatda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar soni ko‘paymoqda. 2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, xususiy tadbirkorlar soni 296 ming kishiga yetgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,6 foizga ko‘pdir. O‘zini o‘zi band qilganlar soni esa 1,5 barobarga oshib, 5,5 million kishini tashkil etdi.
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2025 yilning ikkinchi choragida nominal ish haqi o‘tgan yilga nisbatan 17,2 foizga o‘sgan, real o‘sish esa 7,3 foizni tashkil etgan. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik maosh qariyb 6 million so‘mga yetgan, eng yuqori daromad moliya sektori hamda axborot-kommunikatsiya xizmatlari sohasida saqlanib qolmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlariga nisbatan pastligicha qolmoqda. Masalan, 2025 yilning yanvar–mart oylarida mintaqada real ish haqi o‘sishi o‘rtacha 9–9,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 7,2 foiz bo‘lgan. Hisobotda taʼkidlanishicha, bu aholining xarid qobiliyatini cheklab, iqtisodiyotda umumiy talabga taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Markaziy bank mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmi oshganini qayd etmoqda. 2025 yilning ikkinchi choragida mamlakatga tushumlar 4,8 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 21,4 foizga ko‘pdir.
Asosiy dinamika migrantlar mehnat qilayotgan mamlakatlarda valyutalar kursining mustahkamlanishi va ish haqi o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Shu tariqa, Markaziy bank bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat bozorida bo‘sh ish o‘rinlari va ish haqi o‘sishi davom etmoqda, bu esa tuzilmaviy o‘zgarishlar hamda o‘zini o‘zi band qilganlar soni ortishi bilan uyg‘un holda kechmoqda.
Biroq, malaka bilan taʼminlangan ishchi kuchiga talab va nomzodlar faolligi o‘rtasidagi disbalans saqlanib qolmoqda, bu esa iqtisodiyot hamda inflyatsiya darajasiga muayyan bosim o‘tkazmoqda.