O‘zbekiston kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun KfWdan 26,5 million yevro jalb qiladi
O‘zbekiston kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun KfWdan 26,5 million yevro jalb qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston mikro-, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Germaniya taraqqiyot banki (KfW)dan umumiy hajmi 26,5 million yevro bo‘lgan kredit va grant mablag‘larini jalb qiladi. Mazkur masalaga doir Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori 2025 yil 29 dekabr kuni imzolandi.
Loyiha 2031 yilgacha mo‘ljallangan. Umumiy summadan 23,5 million yevro kredit mablag‘larini, yana 3 million yevro esa loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq konsalting xizmatlari uchun grant mablag‘larini tashkil etadi.
Kredit mablag‘lari har biri 11,75 million yevrodan iborat ikki transhda ajratiladi. Ushbu kredit 10 yillik imtiyozli davrga ega bo‘lib, yillik foiz stavkasi 2 foizni tashkil qiladi.
Loyihani amalga oshirish bo‘yicha masʼul ijrochi etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi belgilangan bo‘lib, u jalb qilingan mablag‘lardan samarali foydalanishni muvofiqlashtirish hamda dastur maqsadlariga erishilishini nazorat qiladi.