O‘zbekiston Jizzax viloyatida AES loyihasini kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) atom elektr stansiyasi loyihasini katta quvvatli qo‘shimcha energiya bloklari qurish hisobiga kengaytirish ehtimolini istisno etmayapti. Bu haqda “O‘zatom” direktori Azim Ahmedxo‘jayev Moskvada bo‘lib o‘tgan «Jahon atom haftaligi» forumi doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
«Bu elektr energiyasi isteʼmoli hajmining o‘sishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar birinchi loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa va kelgusida ehtiyoj yuzaga kelsa, biz kengaytirishga tayyormiz», — dedi Ahmedxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kengaytirish uchun Jizzax viloyatidagi maydon ko‘rib chiqilmoqda. Bu yerda qurilish konturi allaqachon tasdiqlangan. Uchastka 1000 gektardan ortiqni tashkil qiladi, ikki katta quvvatli blok va ikki kichik reaktor esa taxminan 525 gektar yerni egallaydi.
Joriy yil 20 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “O‘zatom” va “Rosatom” davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasi qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzolagandi.
Hujjatga ko‘ra, asosiy variant ikki ta VVER-1000 energiya blokini qurishni va ularni to‘rttagacha kengaytirish imkoniyatini nazarda tutadi.
O‘tgan haftada esa tomonlar stansiyaning yangi konfiguratsiyasi yuzasidan kelishib oldi. Yangi AES tarkibiga 3+ avlodga oid ikki ta VVER-1000 katta quvvatli energiya bloki hamda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N kichik reaktorlaridan iborat ikki ta energiya blogi kiradi.