O‘zbekiston Jahon banki bilan davlat xaridlari bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori Sarvar Nazarov hamda yangi tayinlangan Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha davlat xaridlari guruhi rahbari Zhentu Liu oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda 2025-yil davrida hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar tahlil qilinib, joriy va 2026-yilda loyihalarni shakllantirish maqsadida hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi.
Bunda quyidagi sohalarda loyihalarni amaliyotga tadbiq qilish yuzasidan oʻzaro kelishuvga erishildi. Xususan:
- ilgʻor xalqaro tajriba asosida va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchi korxonalar, shu jumladan, kichik biznes subyektlarini tizimli qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli dastur ishlab chiqish;
- davlat xaridlari tizimining samaradorligi va natijadorligini kompleks tahlil qilish borasida ekspert oʻrganishlarni tashkil etish;
- davlat xaridlarida shartnomalarni boshqarish tizimini samarali joriy etish maqsadida xorijiy tajribani oʻrganish va bu borada xalqaro ekspertlar koʻmagini jalb qilish boʻyicha loyihalarni shakllantirish belgilab olindi.
Shuningdek, muzokaralar davomida davlat xaridlari sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida soha mutaxassislarni tayyorlash va malakasini muntazam ravishda oshirib borish tizimini joriy etish hamda mutaxassislarni sertifikatsiya orqali malakasini baholash jarayonini tashkil etish boʻyicha Jahon banki vakillari texnik koʻmak koʻrsatishga tayyor ekangliklarini bildirdi.
Shu bilan birga, suhbat doirasida davlat xaridlarini boshqarish va nazorat qilish tizimlari, monitoring mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rish va oldini olish strategiyalari, markazlashgan xarid tizimini samarali joriy etish, sunʼiy intellekt asosida xarid jarayonlarini avtomatlashtirish hamda “yashil” xarid amaliyotlarini ommalashtirish mavzulari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha joriy va kelgusi yillar uchun aniq va rejali “yoʻl xarita” ishlab chiqilishi qayd etib oʻtildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar onlayn tarzda va muntazam ravishda maslahatlashuv amaliyotini kengaytirish yuzasidan kelishib oldi.