O'zbekiston-Irlandiya hamkorligi yangi pog'onaga ko'tariladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi xodimlari Irlandiya Tashqi ishlar va savdo vazirligi Yevropa qo'shnichilik boshqarmasi direktori o'rinbosari Kolm MakGarvi bilan onlayn uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Irlandiya tomoniga Yangi O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Tomonlar O'zbekiston-Irlandiya hamkorligini bugungi holati va istiqbollari xususida fikr almashdilar.
Ikki tomonlama siyosiy muloqotni va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi o'zaro munosabatlarni diversifikatsiya qilish, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo'nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha diplomatik aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.