O‘zbekiston iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Jahon banki bilan jamoat transportini modernizatsiya qilish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov Jahon banki vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Jahon bankining transport amaliyoti rahbari Shomik Raj, transport masalalari boʻyicha mutaxassislar hamda bir qator masʼullar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Jahon banki ekspertlari bilan Oʻzbekistonda jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, transport infratuzilmasini yaxshilash va hududlararo bogʻliqlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida avtobus yoʻlaklarini tashkil etishni jadallashtirish, elektr avtobuslar joriy etishni kengaytirish, marshrutlar tizimini optimallashtirish hamda elektron toʻlov tizimini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, veloyoʻlaklar va zamonaviy bekatlar qurilishi, yoʻllarda xavfsizlikni oshirish, transport oqimini samarali boshqarish hamda tirbandliklarni kamaytirishga oid takliflar taqdim etildi.
Jahon banki vakillari, Fransiya, Angliya va AQSH tajribalari hamda Xitoy, Marokash, Braziliya va boshqa bir qator davlatlarda amalga oshirilgan tezkor avtobus yoʻnalishlari, metro va aqlli transport tizimlari boʻyicha loyihalar natijalari bilan oʻrtoqlashdi. Mazkur tajribalar Oʻzbekiston uchun ham moslashtirilishi mumkinligi taʼkidlandi.
Yakunda tomonlar Oʻzbekiston transport tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Jahon banki bilan olib boriladigan qoʻshma loyihalar jamoat transporti sifatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharlararo bogʻliqlikni kuchaytirish orqali fuqarolarga yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy xizmatlarni taqdim etishga xizmat qiladi.