O‘zbekiston – “International Industrial Fair-2025” — jahon sanoati ko‘rgazmasida markazlashgan holda ishtirok etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bu xalqaro ko‘rgazma Yevropa muhandislik va industrial ishlab chiqarish sohasidagi eng nufuzli tadbirlardan biri bo‘lib, joriy yilning 7-10 oktyabr kunlari Chexiyaning Brno shahrida o‘tkaziladi.
Tadbir 1959 yildan buyon anʼanaviy ravishda tashkil etilib, har yili dunyo bo‘ylab 1 500 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etadi.
Ko‘rgazmaga har yili 50 000 dan ziyod mehmonlar va 60 dan ortiq davlatdan vakillar tashrif buyuradi.
Bu yilgi tadbirda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi "Made in Uzbekistan" brendi ostida yurtimizning eksportbop sanoat mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Jumladan, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi M. Yunusov boshchiligidagi korxonamiz vakillari ham 100 dan ortiq eksportbop elektrotexnika mahsulotlarini ushbu markazlashgan stend ostida keng namoyish etish imkoniga ega bo‘ladilar.
Ko‘rgazmada elektrotexnika, robototexnika, sanoat avtomatizatsiyasi, energiya tejamkor texnologiyalar, metallga ishlov berish va mashinasozlik yo‘nalishlaridagi eng yangi ishlanmalar taqdim etiladi.