O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi firibgarlik ko‘payganidan ogohlantirdi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi firibgarlik ko‘payganidan ogohlantirdi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi firibgarlik ko‘payganidan ogohlantirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi o‘zini Ichki ishlar organlari xodimi sifatida tanishtirib, pul evaziga noqonuniy xizmatlar taklif qilayotgan firibgarlar faollashgani haqida ogohlantirdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mamlakatda o‘zini huquq-tartibot idoralari xodimi sifatida tanishtirib yoki tizimda «aloqalari borligi»ni daʼvo qilib, fuqarolarga pul evaziga noqonuniy xizmatlar taklif qilayotgan firibgarlar faollashganini maʼlum qildi.

Vazirlikning Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yil mart oyida shunday holatlarning bir nechtasi aniqlangan. Jumladan, 17 mart kuni bir fuqaro poytaxt YHXBBdagi tanishlari orqali “chiroyli” davlat raqam belgilarini olib berishni vaʼda qilib, 1 800 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

24 mart kuni yana bir shaxs yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha javobgarlikka tortilmaslik va avtomobilni jarima maydonidan chiqarishga yordam berishni vaʼda qilib, YHXBB tizimidagi aloqalariga tayangan holda 6 mln so‘m olayotgan vaqtda ushlangan.

Bundan tashqari, 21 mart kuni telefon orqali firibgarlik holati qayd etilgan: o‘zini Farg‘ona viloyati IIB «kiberxavfsizlik bo‘limi» xodimi sifatida tanishtirgan shaxs fuqarodan «ariza kelib tushgani»ni vaj qilib, 2,5 mln so‘mni bank kartasiga o‘tkazib olgan.

Barcha aniqlangan holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ushlangan shaxslarning Ichki ishlar organlariga aloqasi yo‘qligi va ularning harakatlari fuqarolarni aldash hamda davlat idoralariga ishonchni susaytirishga qaratilgani aniqlangan.

Vazirlik taʼkidlashicha, Ichki ishlar organlari xodimlari muammolarni hal qilish uchun pulli xizmat ko‘rsatmaydi va bunday takliflarning barchasi firibgarlik belgisi hisoblanadi.

Fuqarolarga ehtiyotkor bo‘lish va shubhali holatlar haqida 1102 ishonch telefoni yoki Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasiga zudlik bilan xabar berish tavsiya etiladi. Murojaatlar maxfiyligi kafolatlanadi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling