Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
O‘zbekiston 17/06/2025 O‘zbekiston hukumati bolaning jinsini ko‘rsatishda shaxsiy ma’lumotlarni o‘zgartirish tartibini tasdiqladi

O‘zbekiston hukumati bolaning jinsini ko‘rsatishda shaxsiy ma’lumotlarni o‘zgartirish tartibini tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hukumati tibbiy xulosa asosida bolaning jinsi haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirishda uning shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirish tartibini tartibga soluvchi qarorni tasdiqladi.

Mamlakat Adliya vazirligi ushbu masala yuzasidan tushuntirish berdi.

Qonunchilikka muvofiq bolaning tug‘ilishini qayd etish vaqtida uning jinsiga oid ma’lumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan beriladigan tibbiy guvohnoma asosida yoziladi.

Biroq har yili o‘rtacha 5-6 nafar bola jinsi noaniq holatda tug‘ilishi holati uchrab turadi, bunda dastlabki tekshiruvlar bolaning jinsini “o‘g‘il” yoki “qiz” deb ko‘rsatsa-da, keyinchalik bola 5-10 yosh, ayrim holatlarda esa 10-16 yoshdan oshganda bolaning jinsi “o‘g‘il” emas “qiz” ekanligi yoki aksincha “qiz” emas “o‘g‘il” ekanligi aniqlanmoqda. 

Shu kabi holatlarda tibbiyot muassasasining xulosasi bilan jinsga oid ma’lumotlarga tuzatish kiritiladi.

Ma’lumot uchun: bu kabi holatlarda jinsini tuzatish mumkinligi Oila kodeksining 229-moddasida belgilangan bo‘lib, mazkur huquqiy normalar yangi joriy etilmagan, aksincha 1998-yil 1-sentabrdan buyon amalda hisoblanadi.

Bu borada qonunchilik hujjatlarida ayrim huquqiy bo‘shliqlar mavjud bo‘lgan.
Misol tariqasida, 2008-yilda tug‘ilgan bolaning jinsini aniqlash imkoni bo‘lmasdan “o‘g‘il” deb yozilgan va o‘g‘il bolaning ismi qo‘yilgan. Keyinchalik bola 16 yoshga to‘lgach tibbiy tekshiruvlarda uning jinsi “qiz” ekanligi aniqlanib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid ma’lumotlarga tuzatish kiritilgan. Biroq ushbu xulosa asosida uning familiya, ism va ota ismini qiz bolalarga mos ravishda o‘zgartirish imkoni bo‘lmagan.

Mazkur huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-son qarori qabul qilinib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid ma’lumotlar tuzatilganda bolaning familiya, ism va ota ismini jinsiga mos ravishda o‘zgartirishi belgilandi.

Ushbu qadam ilgari mavjud bo'lgan huquqiy noaniqliklarni bartaraf etishga va bolaning manfaatlarini huquqiy himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling