O‘zbekiston Gruziya davlat xaridlari agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 5 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston-Gruziya qo‘shma iqtisodiy hamkorlik komissiyasining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Gruziyaning elektron davlat xaridlari tizimi Yevropa Ittifoqining davlat xaridlari sohasidagi talablari asosida ishlab chiqilgan eng samarali tizimlardan biri hisoblanadi. Bu tizim ushbu sohada islohot o‘tkazishni maqsad qilgan davlatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Gruziyada elektron xaridlar tizimining joriy etilishi erkin va adolatli raqobatni rivojlantirish, shuningdek, korrupsiya xavfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham davlat xaridlari sohasini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda. Shu bilan birga, davlat xaridlarining elektron tizimi joriy etilib, jarayonlarning oshkoraligini va maʼlumotlarga erkin kirish imkoniyatini taʼminlamoqda.
Bu sohani xalqaro ilg‘or tajriba asosida isloh qilish va xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu munosabat bilan tadbir doirasida Gruziya Davlat xaridlari agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Hujjat davlat xaridlarining elektron tizimlarini takomillashtirish, sunʼiy intellektdan foydalanishni kengaytirish, xarid jarayonlarini markazlashtirish va “yashil” xaridlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Gruziyaning davlat xaridlari sohasidagi tajribasi va zamonaviy mexanizmlari O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimini yana-da takomillashtirishga hissa qo‘shadi.