O‘zbekiston Germaniyaning Hohenstein kompaniyasi bilan to‘qimachilik mahsulotlari sifati va xavfsizligini oshirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining investitsion jozibadorligini hamda raqobatbardoshligini oshirish, sohaning eksport salohiyatini kengaytirish va mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlariga chiqishini rag‘batlantirish maqsadida Germaniyaning “Hohenstein Laboratories GmbH & Co. KG” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (UzTest) davlat muassasasi mutaxassislari ham ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini sifat, xavfsizlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari hamda xodimlarning malakasi oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mehmonlar “Uztest” Yengil sanoat mahsulotlarini sinash sinov laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumot uchun, “Hohenstein Laboratories GmbH & Co. KG” Germaniyaning Bönnigheim shahrida joylashgan xalqaro laboratoriya va tadqiqot markazi bo‘lib, kompaniya to‘qimachilik mahsulotlarini sinash, sertifikatlash hamda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, u OEKO-TEX sertifikatlash tizimining asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Mazkur sertifikat mahsulotlarning zararli moddalardan xoli va ekologik jihatdan xavfsiz ekanligini tasdiqlaydi.