Valyuta kurslari 21/10/2025
$1 – 12060.15
UZS – -0,4%
€1 – 14064.55
UZS – -0,74%
₽1 – 148.87
UZS – -0,15%
Qidirish
O‘zbekiston — Germaniya: hamkorlik aloqalari yanada rivojlanadi

O‘zbekiston — Germaniya: hamkorlik aloqalari yanada rivojlanadi

O‘zbekiston — Germaniya: hamkorlik aloqalari yanada rivojlanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutovning Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va vatan masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Xermann Ferber bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Xususan, davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari ikki xalq farovonligi yo‘lida barcha sohalarda yuqori darajadagi sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda mehmonlarga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Shuningdek, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga doir qonunchilikdagi yangiliklar, suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholiga ekologik sof qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

O‘z navbatida, X.Ferber samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng miqyosli yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni alohida e’tirof etdi.

—Germaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ishonchli strategik hamkor sifatida tan oladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Bunday uchrashuvlar o‘zaro tajriba almashish va cho‘llanishdan tortib, oziq-ovqat barqarorligigacha bo‘lgan global muammolarga birgalikda yechim topish imkonini beradi. Ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, yanada rivojlanadi,— dedi X.Ferber.

Muloqotda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda parlamentlar o‘rtasida bevosita va muntazam muloqot maydonini shakllantirish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling