O‘zbekiston fatvo markazi diniy masalalarda ChatGPTdan foydalanishdan ogohlantirdi
Foto: Unsplash / Jonathan Kemper
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi rasmiy bayonot bilan chiqib, fuqarolarni diniy masalalarda ChatGPT‘ga murojaat qilishdan qaytardi.
Bunday bayonot berishga sabab — markazga kelib tushgan bir so‘rov bo‘ldi. Unda chat-bot orqali diniy tushuntirishlar olish mumkinmi, degan savol berilgan. Javoban, markaz mutaxassislari bu amaliyot mumkin emasligini taʼkidlashdi.
«To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, baʼzan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi», — deyiladi bayonotda.
Fatvo markazi taʼkidlaydi: dinga oid tushuntirishlar faqatgina tan olingan ulamolar va ishonchli manbalar orqali olinishi lozim, aks holda aqiydada xato va tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin.