O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori USP bilan tarmoq standartlari va islohotlarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A. Azizov AQSH Farmakopeyasi (USP) prezidenti va bosh ijrochi direktori Ronald Piyervinchenzi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
USP 200 yildan ziyod tarixga ega bo‘lib, dori vositalari, biologik mahsulotlar va oziq-ovqat qo‘shimchalari uchun global standartlarni belgilaydigan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Uning standartlari 150 dan ziyod mamlakatlarda qo‘llanilib, jahon farmatsevtika sanoatida ishonchli mezon sifatida tan olinadi.
Suhbat davomida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalar muhokama qilindi. USP rahbariyati mazkur o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
Agentlik ham USP bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuksak baholab, kelgusida texnik yordam ko‘rsatish va boshqa muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, USP O‘zbekistonga yetakchi farmatsevtika universitetlarini jalb etish, mahalliy yuqori malakali mutaxassislarni tashkilot tizimiga integratsiya qilish va ularning xalqaro tajribasini oshirishga ko‘maklashishi belgilandi.