O‘zbekiston Farmatsevtika rivojlanish agentligi Xitoyning biofarmatsevtika va tibbiy mahsulotlarni ro‘yxatga olish borasidagi tajribasini o‘rgandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyga amalga oshirilgan ishchi safari doirasida Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi O‘zbekiston farmatsevtika sohasida hamkorlikni mustahkamlash va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi dastlab BRIKS mamlakatlaridagi maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha hamkorlik markaziga tashrif buyurdi. Uchrashuvda markaz faoliyati, rezidentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Agentlik direktori Abdulla Azizov Tashkent Pharma Park loyihasi, investorlar uchun imkoniyatlar va imtiyozlar haqida maʼlumot berdi. Tomonlar markaz ishchi guruhining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalar va investorlarni jalb etish masalalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya Xanchjou shahridagi Xitoyning eng yirik biofarmatsevtika markazlaridan biri — China Biopharma Town faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar, klinik sinovlar uchun yaratilgan sharoitlar va ishlab chiqarish uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma o‘rganildi.
Hangzhou Jiuyuan Gene Engineering kompaniyasida ham uchrashuv o‘tkazilib, Tashkent Pharma Park taqdimoti o‘tkazildi. Xitoy tomon laboratoriya va texnologiyalarini yaqindan tanishtirishdi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik, standartlarni o‘zaro tan olish va O‘zbekistonda semaglutide biosimilars ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi.
Navbatdagi uchrashuv — Zhejiang Institute for Medical Device Testing rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi. Bu yerda Xitoyning milliy tibbiy ro‘yxatga olish tizimi, optik texnologiyalar sohasidagi maxsus ixtisoslashgan tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tajribasi bilan tanishildi. Tomonlar tibbiy buyumlar ishlab chiqarshni tartibga solish sohasida tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.