O‘zbekiston farmatsevtika bozori Yevroosiyo yetakchilari orasidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda, STADA esa portfelining asosiy yo‘nalishlaridagi ta’minotini kengaytirmoqda
O‘zbekiston farmatsevtika bozori Yevroosiyo yetakchilari orasidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda, STADA esa portfelining asosiy yo‘nalishlaridagi ta’minotini kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — STADA kompaniyasi 2025-yil yakunlarini sarhisob qildi va O‘zbekiston farmatsevtika bozorining rivojlanishidagi eng muhim tendensiyalarni qayd etdi. 2024-yil dekabr - 2025-yil noyabr davri yakunlariga ko‘ra, mamlakat bozori Yevroosiyo yetakchilaridan biri degan maqomini tasdiqlagan holda, ayni paytda eng jadal rivojlanayotgan bozorlar qatoridan joy oldi.
O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birgalikda mintaqaviy talabning “yadrosi”ga aylandi, bunda davlat xaridlari ulushi ancha past bo‘lishiga qaramay, bozor umumiy hajmi bo‘yicha Qozog‘istonga yaqinlashgani chakana talabning kuchli ekanini va iste’mol segmentining barqarorligini ko‘rsatadi.
IQVIA (Xalqaro sog‘liqni saqlash ma’lumotlari va analitika kompaniyasi) ma’lumotlariga ko‘ra, (MAT’11’25 - yillik siljiydigan ko‘rsatkich), O‘zbekiston farmatsevtika bozori pul ifodasida ham, sof ko‘rsatkichlarda ham barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Milliy valyutadagi savdo hajmi 25 984 mlrd so‘mga yetdi (MAT’11’24 ga nisbatan +28%: 20 299 mlrd so‘m). Qadoqlar sonida ham bozor ijobiy dinamikani ko‘rsatdi: 0,86 mlrd, o‘tgan yilgi 0,81 mlrdga nisbatan +6% o’sish). Valyutalarda hisoblanganda o‘sish ko‘rsatkichi AQSh dollarida +24% va yevroda +22% ni tashkil etadi, standart qadoqlar bo‘yicha dinamika esa +2 foizga ortdi.
Yevroosiyo bozorlarida, jumladan O‘zbekistonda ham, talab tarkibida chakana segment ustunlik qiladi, retsept asosida beriladigan dori vositalari (Rx) esa pul ifodasida savdolarning qariyb 60–70 foizini tashkil etadi. Bozorning bunday tuzilmasi keng portfelga, dori vositalari bilan barqaror ta’minotga va bemorlar uchun tushunarli davolanish usullariga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi.
MAT’11’25 yakunlariga ko‘ra, STADA retseptsiz dori vositalari (OTC) bozoridagi yirik o‘yinchilar orasida o‘z o‘rinlarini mustahkamladi: kompaniya ulushi 8,8% ni (so‘mda) tashkil etdi. OTC segmentida kompaniya savdolari pul ifodasida MAT’11’24 ga nisbatan +60% ga o‘sdi, bu esa asosiy toifalardagi barqaror talabni aks ettiradi. OTC-portfel rivojiga magniy va B6 vitamini kombinatsiyasidagi preparat, shuningdek ichak salomatligini qo‘llab-quvvatlovchi mahsulotlar muhim hissa qo‘shdi: ular kompaniyaning retseptsiz segmentidagi asosiy savdo maxsulotlari bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda STADA’ning asosiy e’tibori bemorlar va shifokorlar uchun davolanishning qulayligi va mavjudligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, portfel uch yo‘nalishda rivojlantirilmoqda: kundalik salomatlik uchun retseptsiz yechimlar, jeneriklar va ixtisoslashgan preparatlar. Ushbu strategiya doirasida kompaniya biologik preparatlar yo‘nalishini izchil rivojlantirib, bemorlar uchun zamonaviy terapiya turlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
«2024-yilda STADA ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda eng birinchilaridan bo‘lib, mamlakatda ilk bor oftalmologiya uchun biosimilyar sinfidagi preparatni taqdim etdi. 2025-yilda esa biz rivojlanishni davom ettirib, onkologiya sohasidagi yechimni bozorga olib chiqdik. Ushbu preparat kolorektal saraton, ko‘krak bezi saratoni, o‘pka saratoni, buyrak hujayrali saraton, shuningdek tuxumdon va bachadon bo‘yni saratonini, ayniqsa, dori vositalarining sifati va barqaror ta’minoti muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni ham davolashda qo‘llaniladi. U bemorlar uchun davolash imkoniyatlarini kengaytiradi va shifokorlarga qo‘shimcha tanlov vositasini taqdim etadi. Biz ushbu preparatning bozorda mavjudligi ko‘proq odamlarning o‘z vaqtida zaruriy davolanishini ta’minlashiga umid qilamiz», — deya ta’kidladi “O‘zbekiston+Qirg‘iziston” subklasteri rahbari Baxtiyor Xojimuhamedov.
Ixtisoslashgan yo‘nalishni rivojlantirish bilan bir qatorda, 2025-yil davomida kompaniya kardiologiya sohasidagi pozitsiyalarini ham mustahkamladi: portfelga arterial gipertenziyani davolash uchun mo‘ljallangan, kardioselektiv ta’sirga va tomirlarni kengaytiruvchi xususiyatlarga ega preparat bilan qo‘shildi; u shuningdek stenokardiya va yurak ritmi buzilishlarida ham qo‘llaniladi. OTC segmentida esa qo‘llash qulayligi va samarali davolash sifatini yanada oshirishga alohida urg‘u bergan holda kompaniya kattalar uchun ichak salomatligi va immunitetni qo‘llab-quvvatlash toifasida yangilangan formatni taqdim etdi.
STADA O‘zbekiston bozori rivojlanishini davom ettirgan holda professional hamjamiyat bilan hamkorlikni mustahkamlashni hamda sifatli va samarali dori vositalarining ta’minotini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.