O'zbekiston elchixonasi bolalarning Rossiyadan vatanlariga qaytishiga yordam berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya hududida ona-ona qarovisiz, nazoratsiz yoki og'ir ijtimoiy ahvolda bo'lgan bir guruh voyaga yetmagan bolalar Vatanimizga qaytarildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur xayrli ishlarni amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Elchixonasi, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi va Milliy ijtimoiy himoya agentligi hamkorligida tuzilgan ishchi guruh jonbozlik ko'rsatdi.
Jumladan, dastlab ishchi guruh tomonidan Sankt-Peterburg, Chelyabinsk va Moskva shaharlarida nazoratsiz qolgan yoki og'ir ijtimoiy ahvolda bo'lgan 16 nafar voyaga yetmagan bola aniqlanib, O'zbekistonga qaytarildi.
Shuningdek, Yekaterinburg, Volgograd, Ufa, Nijniy Novgorod, Xakasiya, Moskva viloyati, Maxachqala va Novosibirsk shaharlaridan 19 nafar ota-ona qarovisiz qolgan bolaning yurtimizga qaytishiga ham ko'maklashildi.
Voyaga yetmagan bolalarning shaxsiy ma'lumotlarini aniqlash, ularni Vatanga qaytarish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, tibbiy ko'rikdan o'tkazish va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish ishlari Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Elchixona va hamkor tashkilotlar tomonidan ko'rilayotgan bunday chora-tadbirlar mamlakatimiz fuqarolari, ayniqsa voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ijtimoiy himoyasini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.