O'zbekiston elchisi Saudiya Arabistoni Valiahdiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Favqulodda va Muxtor elchisi Nodirjon Turgunov kecha Saudiya Arabistoni Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saudga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Saudiya Arabistoni Valiahdi Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud nomidan 37 ta xorijiy davlatning 2023-2024-yillarga tayinlangan elchilarining ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Ar-Riyoz shahridagi Al-Yamama saroyida bo'lib o'tgan marosimdan so'ng bo'lib o'tgan muloqotda Saudiya Arabistoni Valiahdi Muhammad bin Salmon O'zbekiston Prezidentiga mamlakat Podshohi hamda o'zining samimiy tilaklari va iliq salomlarini yo'lladi.
O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 20-fevralda o'rnatilgan.
Eslatib o'tamiz, Nodirjon Turg'unov 2024-yil mart oyida O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi sifatida Ar-Riyoz shahriga kelgan edi. Shuningdek, u 2024-yil noyabr oyida O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili sifatida akkreditatsiyadan o'tgan. 2025-yil aprel oyida esa u bir vaqtning o'zida mamlakatimizning birinchi elchisi sifatida Bahrayn Tashqi ishlar vazirligiga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan edi. Shuningdek, u 2-iyun kuni Iordaniyadagi elchi sifatida ushbu mamlakat Podshohi Abdulloh II bin al-Husaynga ishonch yorliqlarini taqdim qildi.