Valyuta kurslari 20/02/2026
$1 – 12169.41
UZS – 0,3%
€1 – 14359.90
UZS – -0,0%
₽1 – 158.95
UZS – -0,09%
Qidirish
O‘zbekiston Dubaydagi World Health Expoda farmatsevtika salohiyatini taqdim etdi

O‘zbekiston Dubaydagi World Health Expoda farmatsevtika salohiyatini taqdim etdi

O‘zbekiston Dubaydagi World Health Expoda farmatsevtika salohiyatini taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi joriy yilning 9-12 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilayotgan “World Health Expo” xalqaro ko‘rgazmasida “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” yagona milliy stendi doirasida mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda ishtirok etmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma sog‘liqni saqlash sohasida mintaqaning eng yirik va nufuzli iqtisodiy platformalaridan biri hisoblanadi.

Tadbir doirasida iqtisodiy tahlil maydonchasi, B2B formatdagi uchrashuvlar, ishbilarmonlar forumi hamda savdo muzokaralari tashkil etilgan bo‘lib, bu milliy farmatsevtika mahsulotlari eksportini oshirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi ishbilarmon sheriklar bilan munosabatlar o‘rnatish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

“World Health Expo” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari "Meyer Group", "Hiba Pharma", "Toei Shinyaku", "New Country Healthcare" hamda boshqa qator yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Uchrashuvlar davomida tomonlar farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, agentlik vakillari ishtirokchilarga "Tashkent Pharma Park" farmatsevtika klasteri faoliyati, uning infratuzilma salohiyati, ishlab chiqarish va logistika yo‘nalishlarida yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berdilar.

Shuningdek, xorijiy investorlar uchun taklif etilayotgan imtiyozlar, jumladan soliq va bojxona preferensiyalari, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda davlat tomonidan yaratilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etildi. Muzokaralar chog‘ida dori vositalarini ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mahalliy bozorga chiqish masalalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, ko‘rgazmaning birinchi kuni doirasida agentlik vakillari Koreya Respublikasining Daegu Gyeongbuk Medical Innovation Foundation (K-MEDIHUB) tashkiloti bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda tomonlar sog‘liqni saqlash va farmatsevtika innovatsiyalari sohasida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Uchrashuv davomida Agentlik va K-MEDIHUBning maqsadlari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda xalqaro tajriba almashish imkoniyatlari yuzasidan maʼlumotlar almashildi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlar konstruktiv ruhda o‘tib, tomonlar kelgusida hamkorlikni kengaytirish va amaliy qadamlar qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling