O‘zbekiston demografik barqarorlikni UNFPA tomonidan tashkil etilgan milliy o‘quv seminari orqali mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi (EECARO) ko‘magida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Strategik islohotlar agentligi hamkorligida 2025 yil 5–6 avgust kunlari Toshkent shahrida ikki kunlik Demografik barqarorlik bo‘yicha davra suhbati tashkillashtirdi.
O‘zbekiston aholisi yosh-jins tarkibida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda — mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushi ortib bormoqda. Bu demografik dividenddan foydalanish — ya'ni iqtisodiy o‘sish va taraqqiyotni jadallashtirish imkoniyatini yaratib beradi. Bunday imkoniyatdan oqilona foydalanish uchun O‘zbekiston Hukumati UNFPA ko‘magida Milliy Demografik barqarorlik strategiyasini ishlab chiqmoqda. Bu strategiya aholi dinamikasini mamlakatning rivojlanish ustuvorliklari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Seminarda barcha hududlardan mahalliy hokimiyat vakillari, shuningdek, milliy vazirlik va idoralardan 50 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ushbu tadbir demografik o‘zgarishlarga javob berish, strategik rejalashtirish va tajriba almashish uchun samarali platformaga aylandi.
Qatnashchilar demografik jarayonlarning ta'lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, gender tengligi va ijtimoiy himoya sohalaridagi barqarorlik va rejalashtirish ehtiyojlariga qanday ta'sir ko‘rsatayotganini muhokama qildilar. Muhokamalar orqali aholi o‘zgarishlarini oldindan ko‘ra bilish va davlat tizimlarini bu o‘zgarishlarga tayyorlash zarurligi ta'kidlandi.
Seminar doirasida demografik o‘tish jarayonlarini tushunish, ma'lumotlarga asoslangan siyosat yuritish, global va mintaqaviy tajribalarni o‘rganish hamda siyosat va investisiya uchun ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash kabi mavzular qamrab olindi.
Ikki kun davomidagi sessiyalarda demografik barqarorlikning strategik ahamiyati, ma'lumotlar asosida qarorlar qabul qilish, hamda O‘zbekistonda demografik dividenddan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xalqaro tajribalar va misollar muhokamalarni yanada boyitdi.
“Bu o‘quv seminari milliy institutlarni O‘zbekistonning kelajagi uchun asosli va bilimli qarorlar qabul qilishga tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi. Bugungi demografik barqarorlikka investisiya — ertangi sog‘lom, barqaror va farovon jamiyatga asos solish demakdir,” — dedi UNFPAning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Matluba Umurzakova.
Seminar shuningdek, Demografik barqarorlik strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha davlat idoralari, mutaxassislar va rivojlanish sohasidagi hamkorlar o‘rtasida samarali hamkorlikka turtki bo‘ldi. Muhokamalarda aholi dinamikasini barcha sohalardagi rivojlanish rejalariga integratsiya qilish, siyosatni yoshlarga mos, gender sezgir va ekologik jihatdan barqaror qilish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda davom etar ekan, demografik barqarorlikni ta'minlash milliy ustuvorlik sifatida qolmoqda. Ushbu seminar natijalari Strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoniga bevosita hissa qo‘shadi — mamlakatning farovon, inklyuziv va kelajakka tayyor bo‘lishini ta'minlashga xizmat qiladi.