O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga safari: qishloq tadbirkorligini rivojlantirishda xalqaro tajriba
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 iyuldagi PQ-4399-son qaroriga muvofiq, Savdo-sanoat palatasiga “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasining “Biznes-inkubator va murabbiylik” 1.1-subkomponentini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston delegatsiyasining Tokio shahriga xizmat safari tashkil etildi.
Tashrifdan maqsad — Yaponiyaning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, biznes-inkubatorlar va mentorlik tizimlari borasidagi tajribasini o‘rganishdan iborat.
Tashrif doirasida Yaponiya Savdo-sanoat palatasi (JCCI) bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda tomonlar qishloq joylardagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar uchun o‘quv va murabbiylik dasturlarini yaratish, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
JCCI Yaponiyadagi ilg‘or inkubatorlar faoliyati va davlat-xususiy sheriklik modellari haqida maʼlumot berdi. O‘zbekiston tomoni esa ushbu tajribani loyiha doirasida amalga oshirilayotgan dasturlarga moslashtirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, seminarlar tashkil etish va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Safar natijalari qishloq tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va loyiha samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.