O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa parlamentida qator uchrashuvlar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bryussel shahrida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Yevropa Ittifoqi va Yevropa parlamenti vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Yevropa parlamentining Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mita raisi Ilhan Kyuchyuk bilan uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Belgiya Senati aʼzosi, “Belgiya–O‘zbekiston” do‘stlik ligasi raisi Stefani D‘Oz bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida parlamentlararo aloqalar va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yevropa parlamentining deputati Tomas Zdexovskiy bilan uchrashuvda esa parlamentlararo muloqotni kengaytirish, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, parlamentlarning ixtisoslashgan qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish orqali hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.