O‘zbekiston delegatsiyasi Yevroosiyo guruhiga aʼzo davlatlar IV parlamentlararo forumda ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Yevroosiyo guruhi (YEOG)ning jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha aʼzo davlatlarning IV parlamentlararo forumida ishtirok etdi. Ushbu forum Moskva shahrida YEOGning 42-yalpi haftaligi doirasida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda Yevroosiyo mintaqasidagi 15 dan ortiq davlatlar, shuningdek, Yaqin Sharq, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari hamda 20 dan ziyod xalqaro tashkilotlarning 200 dan ziyod delegatlari ishtirok etdi.
Forum doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik chora-tadbirlari, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtirishga chek qo‘yish vositasi sifatida aktivlarni qaytarishning muayyan mexanizmlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Senator A. Eshmuratov o‘z chiqishida Yevroosiyo makonida parlamentlararo muloqot va hamkorlikni mustahkamlash xalqaro hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Ishtirokchilar mamlakatimizda jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi ochiq va xalq parlamenti modelini joriy etishga qaratilgan islohotlar haqida xabardor qilindi. O‘zbekistonda fuqarolar, jamoatchilik vakillari, mutaxassislar va faol yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonida keng ishtirokini taʼminlash yo‘nalishidagi saʼy-harakatlar alohida qayd etildi. Bunday yondashuv qonun chiqaruvchi organning ochiqligi va hisobdorligini yuksaltirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Tadbir yakunida YEOGga aʼzo davlatlar parlamentlari o‘rtasida hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga qaratilgan amaliy takliflar ilgari surildi.