O‘zbekiston delegatsiyasi transchegaraviy narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida AQSH tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi transchegaraviy narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida AQSH tajribasini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda mamlakatimizning mutasaddi vazirlik va idoralari vakillaridan iborat delegatsiya transchegaraviy uyushgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Amerika Qo‘shma Shtatlarida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Bojxona qo‘mitasi tomonidan qo‘mita Raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev hamda ushbu sohaning vakolatli mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – transchegaraviy uyushgan narkojinoyatlarga qarshi kurashishda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida o‘zaro tajriba almashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida idoralararo va transchegaraviy hamkorlik amaliyotini o‘rganish hamda sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Dastur doirasida INL, CT, EXBS, CDP va SCA kabi byurolar rahbarlari bilan moddiy-texnik bazani yaxshilash va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda DEA, FBI va Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) bilan Internetdagi narkojinoyatlarni aniqlash va yangi moliyaviy mexanizmlarga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish kabi muhim uchrashuv va tadbirlar rejalashtirilgan.
Delegatsiya aʼzolari AQSH huquqni muhofaza qilish tizimining konseptual asoslari bilan yaqindan tanishish maqsadida bir qator obyektlarga tashrif buyurishlari nazarda tutilgan.
Jumladan, eksport nazorati va chegara xavfsizligi dasturi (EXBS) doirasida uchrashuvlar, San-Isidro chegara bojxona postida chegara nazoratini tashkil etish, AQSH Bojxona va chegara xizmatining janubiy-g‘arbiy chegaralari bo‘ylab tanishuvlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur o‘rganishlar davomida kontrabanda yo‘nalishlarini aniqlash va ularni to‘xtatishda qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar bilan yaqindan tanishish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tashrif dasturidan FBI akademiyasi, DEA o‘quv markazi, Nyu-York politsiya departamenti hamda Nyu-Yorkning Janubiy okrugi prokuraturasi faoliyatini o‘rganish joy olgan.
Ushbu amaliy tashrif yakunlari bo‘yicha respublika huquq-tartibot idoralari oliy taʼlim muassasalarining o‘quv dasturlarini takomillashtirish va narkotiklarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda yangi strategik yondashuvlarni joriy etish kutilmoqda.