O‘zbekiston delegatsiyasi Pokistonning yetakchi Hamid Leather kompaniyasiga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari A.To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonning yetakchi charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri — Hamid Leather korxonasiga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida kompaniya direktori Muhammad Nasim delegatsiya aʼzolariga korxonaning ish faoliyati, xalqaro hamkorlik tajribasi va eksport salohiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etdi.
Hamid Leather — 1994 yilda tashkil etilgan, qo‘y va mol terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya. Yiliga 200 000 dona kurtka va 80 000 dona sumka ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish hajmi 4 mln dollar, mahsulotlarining 100% eksport qilinadi.
Eksport bozori 16 dan ortiq davlatni qamrab olgan, jumladan: Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, AQSH. Kompaniya Michael Kors, Calvin Klein, TK Maxx kabi brendlar bilan hamkorlik qiladi.
Hamid Leather LWG Gold Rated, BSCI, va SLF kabi xalqaro sertifikatlarga ega. Korxonada 800 nafardan ortiq xodim ishlaydi, ekologik masʼuliyat va zamonaviy texnologiyalarga tayangan ish uslubi yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrif doirasida tomonlar O‘zbekistonda charm sanoatini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflarni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, bu esa istiqbolda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun huquqiy va amaliy asos yaratadi.