Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
O‘zbekiston 31/07/2025 O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada global tinchlik va hamkorlik masalalari bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada global tinchlik va hamkorlik masalalari bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlar rahbarlarining 6-Butunjahon konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Konferensiya doirasida zamonaviy global tahdidlar, ijtimoiy beqarorlik, qurolli mojarolar va iqlim o‘zgarishlari sharoitida parlamentlararo diplomatiyaning roli, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, tinchlikni taʼminlash, adolatli boshqaruv tamoyillarini ilgari surish hamda aholi farovonligini oshirishda milliy parlamentlarning faol ishtirokini taʼminlash masalalari muhokama qilinmoqda.

Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan demokratik islohotlar, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar 150-yubiley assambleyasining natijalari yuksak baholandi.

Jumladan, Assambleya yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi hamda mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shish masalalariga bag‘ishlangan ikki muhim rezolyutsiya global parlamentlararo birdamlikning amaliy ifodasi sifatida eʼtirof etildi.

Konferensiya davomida delegatsiya tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, mojarolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishda parlamentlar rolini kuchaytirish, xalqaro huquq normalari va BMT Ustaviga asoslangan tinchlik tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.

Yosh parlament aʼzolarni qo‘llab-quvvatlash doirasida esa, 2026-yilda Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Yosh parlament aʼzolarining 12-Global konferensiyasini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, 2025-yil sentabr oyida O‘zbekistonda Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilayotgani, unga xorijiy parlamentlar, nodavlat tashkilotlari vakillari va ekspertlarni keng jalb etish ko‘zda tutilayotgani bildirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling