O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon bojxona tashkilotining Texnologik konferensiyasida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon bojxona tashkilotining Texnologik konferensiyasida ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Jahon bojxona tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Texnologik konferensiya va ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Konferensiya doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada bojxona sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy raqamli platformalar, intellektual tahlil vositalari va avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari hamda bojxona nazoratining eng so‘nggi zamonaviy vositalari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada namoyish qilinayotgan zamonaviy yechinmalar davlat chegaralari hamda xalqaro ta’minot zanjirlari xavfsizligini mustahkamlash, global savdo-iqtisodiy jarayonlar murakkablashib borayotgan sharoitda xalqaro savdoni soddalashtirish, tezlashtirish va shaffofligini oshirish imkonini beradi.
Ko‘rgazmada Bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi jadal raqamlashuv va jahon iqtisodiyotining o‘zaro bog‘liqligi ortib borayotgan hozirgi sharoitda turli davlatlarning bojxona axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu maqsadda ko‘rgazma doirasida dunyoning nufuzli IT kompaniyalari va turli davlatlarning bojxona xizmati rahbarlari bilan ham uchrashuvlar qizg‘in davom etmoqda.