O‘zbekiston delegatsiyasi Eronning ipakchilik tajribasini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Eron Islom Respublikasida bo‘lib turibdi.
Safar davomida delegatsiya a’zolari mamlakatning gilam sanoati markazlari faoliyati, ishlab chiqarish texnologiyalari va klaster tizimi bilan tanishdilar.
Gilan viloyati Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi Saman Nazari bilan uchrashuvda viloyatdagi yirik kompaniyalar ishtirokida B2B va B2G formatlarida muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar yakunida Eron Ipakchilik tadqiqotlar markazi bilan ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Shuningdek, tajribali eronlik texnologlarni O‘zbekistonga jalb etish orqali ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish belgilandi.
Imzolangan kelishuvlar ikki davlat hamkorligini mustahkamlash, qayta ishlash hajmini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Maqsad — ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha eronlik hamkasblar tajribasini o‘rganish va mazkur yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.